Xotin-qizlar huquqlari – adolat mezoni
Ayollar jamiyatning teng huquqli a’zosi hisoblanadi. Ularni jamiyat hayotiga faol jalb etish nafaqat ijtimoiy adolatni ta’minlaydi, balki iqtisodiy taraqqiyotga ham xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 28-maydagi qarori bilan 2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjat jamiyatning barcha sohalarida – siyosat, iqtisodiyot, huquq, ta’lim, ilm-fan, madaniyat va sport yo‘nalishlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashni nazarda tutadi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda.
Bugungi kunda xotin-qizlar davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etib, turli sohalarda o‘z o‘rnini mustahkamlamoqda. Jumladan, suv ta’minoti tizimida ham ayollar salmog‘i oshib bormoqda. “O‘zsuvta’minot” AJ va uning tizim tashkilotlarida 28 mingdan ortiq xodim faoliyat yuritadi, shulardan 4 ming 320 nafari xotin-qizlardir. Ularning 85 nafari rahbarlik lavozimlarida mehnat qilmoqda.
Xotin-qizlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilayotir. Shu kunga qadar 88 nafar ayolga oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish uchun tavsiyanomalar berildi. Shuningdek, yuzlab ayol xodimlar Koreya, Fransiya, Turkiya kabi davlatlarda malaka oshirib qaytdi.
Gender tenglikni ta’minlash jamiyatda barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashda muhim omildir. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, ayollarning jamiyatdagi o‘rni va rolini oshirish masalasi global muammolar qatorida yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi.
Mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarni davlat boshqaruviga keng jalb etish, zo‘ravonlikka qarshi kurashning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu masala alohida emas, balki umumiy adolat tamoyilining ajralmas qismi sifatida qaralmoqda.

Shu maqsadda o‘quv seminarlari va amaliy tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda. Jumladan, joriy yilning 25-26-mart kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Tashkent Water Week 2026” xalqaro forumi doirasida “Women Water Week” tadbirlari tashkil etildi. Unda suv sohasida faoliyat yuritayotgan ayol mutaxassislar ishtirok etib, o‘zaro tajriba almashdi.

Tadbirda suv resurslarini boshqarish, raqamli va texnologik innovatsiyalar, oziq-ovqat xavfsizligi, yashil standartlarni joriy etish, inson kapitalini rivojlantirish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, xotin-qizlar yetakchiligini kuchaytirish, ilmiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va rahbarlik ko‘nikmalarini shakllantirishga oid ma’ruzalar tinglandi.
“O‘zsuvta’minot” AJ tizimida ayol xodimlar uchun bunday o‘quv va amaliy tadbirlarni muntazam tashkil etish rejalashtirilgan. Kelgusida sohada faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning ilmiy izlanishlar olib borishi, olimalar safini kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratiladi.

Xulosa qilib aytganda, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish jamiyatda adolat va barqaror taraqqiyotni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Nilufar Sapayeva,
“O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati xodimi.
O‘zA