Namanganda sun’iy intellekt markazi ochiladi
Mamlakatimizga tashrif buyurgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti YUNESKO tashkilotining madaniy diplomatiya, boshqaruv va ta’lim sohalari bo‘yicha professor-o‘qituvchisi, siyosiy fanlar doktori, “Anatoliya Tek” asoschisi va rahbari Nasiye Selin Shenojak hamda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Professor Shenojak ilmiy diplomatiya, innovatsiya siyosati va rivojlanayotgan mintaqalarni global boshqaruv tizimlariga strategik integratsiya qilish bo‘yicha xalqaro darajada tan olingan mutaxassis bo‘lib, o‘z faoliyatini madaniyatning xalqaro munosabatlarda transformatsiya qiladigan kuch sifatida ahamiyatini ko‘rsatishga bag‘ishlagan.

O‘zaro muloqotda professor Shenojak sun’iy intellekt rivoji bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganish va tahlillar namanganlik yoshlarning salohiyati yuqori ekanini ko‘rsatganligini ta’kidlab, Yevropa standartlariga hamohang sun’iy intellekt markazini gullar diyorida tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Qayd etish lozim, ayni vaqtda Namangan davlat texnika universitetida “Sun’iy intellekt” ilmiy laboratoriyasini tashkil etish, oliy ta’lim tizimini raqamli transformatsiya qilish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda mazkur yo‘nalishda xorijiy tashabbuskorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mazkur loyihani yanada boyitish bo‘yicha fikr-mulohazalar almashildi.

Markaziy Osiyo davlatlarida Fransiya muzeylari kuratori sifatida professor Shenojak Yevropa muzeychiligi yutuqlari bilan turkiy dunyo merosini bog‘lovchi ilg‘or madaniy ko‘prikni yo‘lga qo‘ygan. Shundan kelib chiqib, Namanganda ushbu yo‘nalishda ham hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.