Urug‘lik sifatini baholashda raqamli nazorat kuchaymoqda
Qishloq xo‘jaligida yuqori hosil olish urug‘likning sifati va ekishga yaroqliligiga bevosita bog‘liq. Shu bois urug‘lik mahsulotlarini tekshirish, sertifikatlash va bu jarayonlarda inson omilini kamaytirish agrar sohadagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
“O‘zagroinspeksiya” huzuridagi “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” davlat muassasasida 2026-yilning to‘qqiz oyida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan brifingda urug‘liklar sifatini nazorat qilish, laboratoriya sinovlari va xizmatlarni raqamlashtirish borasidagi natijalar haqida ma’lumot berildi.
Markaz axborot xizmati rahbari Sarvinoz Ismoilovaning ta’kidlashicha, joriy yildan urug‘liklar sifatini baholashning yangi tizimi joriy etilib, jarayonlarni raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, “agrosert.uz” axborot tizimi orqali hisobot davrida buyurtmachilarga 11 milliondan ortiq QR-kodli yorliq taqdim etildi. Ilk bor urug‘lik maydonlarida aprobatsiya va navdorlikni baholash ishlari maxsus planshetlar yordamida raqamli shaklda amalga oshirildi. Bu dalolatnoma va navdorlik guvohnomalarini bevosita dala sharoitida elektron rasmiylashtirish imkonini berdi.

Urug‘lik maydonlarini baholash natijalari ham e’tiborga molik. Respublika bo‘yicha aprobatsiyadan o‘tkazilgan 76,4 ming gektar urug‘lik g‘alla maydonining 85 foizi, 52 ming gektar urug‘lik g‘o‘za maydonining esa 78 foizi urug‘lik olish uchun yaroqli deb topildi. Talablarga javob bermagan maydonlar va urug‘lik partiyalarining ajratib olinishi sifatsiz mahsulotning ekishga yo‘naltirilishining oldini olishda muhim ahamiyatga ega.
Markazda paxta va don mahsulotlari sifatini baholash hamda sertifikatlash ishlari ham olib borildi. To‘qqiz oyda 134,9 ming tonna paxta tolasi sertifikatlandi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 44,3 foiz ko‘pdir. Yadroviy magnit rezonansi analizatori yordamida texnik chigit yog‘dorligini aniqlash hajmi ham 66,9 foizga oshdi.

Don mahsulotlari yo‘nalishida esa 2 million 415 ming 600 tonna bug‘doy donini sertifikatlash bo‘yicha belgilangan mavsumiy hajm to‘liq bajarildi. Import qilingan don va don mahsulotlarining 539,8 ming tonnasi ham sertifikatdan o‘tkazildi.
Xizmatlar sifatini oshirish maqsadida axborot tizimlari takomillashtirilib, don korxonalariga don qabul qilishga tayyorligi to‘g‘risidagi xulosalarni elektron shaklda olish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, xodimlarning malakasini oshirish va laboratoriyalarni xalqaro talablarga muvofiqlashtirish bo‘yicha ishlar davom ettirildi.
Xalqaro hamkorlik doirasida urug‘chilik tizimini takomillashtirish, laboratoriyalarning moddiy texnik bazasini mustahkamlash va ilg‘or tajribalarni joriy etishga e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda Toshkent shahrida 27-28-oktabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Urug‘chilik assotsiatsiyasining IX xalqaro urug‘chilik va urug‘lar savdosi kongressiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Unda urug‘liklar sifatini baholash, sertifikatlash, raqamlashtirish va urug‘lik mahsulotlari savdosini rivojlantirish masalalarini muhokama qilish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Nilufar Bozorova, O‘zA