Fuqarolik jamiyati institutlari tashabbuslarini amalga oshirishga 11,6 milliard so‘m yo‘naltiriladi
Oliy Majlis Senatida Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston - Ozarbayjon qo‘shma grant tanlovi va 2026-yilgi ikkinchi davlat granti tanlovi natijalari, uchinchi davlat granti tanlovini e’lon qilish hamda “Fuqarolik jamiyati haftaligi”ni tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon nodavlat notijorat tashkilotlari uchun o‘tkazilgan qo‘shma grant tanloviga 21 loyiha kelib tushgani aytib o‘tildi. Ekspertlar baholashi natijasida 2 ta fuqarolik jamiyati institutining loyihasi g‘olib deb topildi.
Yig‘ilishda munosib mehnat tamoyillariga rioya etilishini monitoring qilish, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun neyroreabilitatsiya xizmatlarini rivojlantirish, maishiy korrupsiyaning oldini olishda “Navoiy tajribasi”ni ommalashtirish, odam savdosi jabrdiydalarini psixologik reabilitatsiya qilish va kasbga yo‘naltirish, muammoli oilalar bilan manzilli ishlash hamda hududlardagi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash kabi yo‘nalishlarda joriy yilning avgust-sentabr oylarida e’lon qilingan ikkinchi davlat granti tanlovi natijalari ko‘rib chiqildi.

Ikkinchi davlat granti tanloviga kelib tushgan 700 loyiha ko‘rib chiqilib, 88 fuqarolik jamiyati instituti g‘olib sifatida tasdiqlandi. Ularning tashabbuslarini amalga oshirish uchun jami 11,6 milliard so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda 2026-yilgi uchinchi davlat granti tanlovini e’lon qilish to‘g‘risida ham qaror qabul qilindi. Tanlov xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash, korrupsiya va zo‘ravonlikning oldini olish, ekologik muammolarni hal etish, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash, yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan. Ushbu maqsadlar uchun qariyb 7,1 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan.
Yig‘ilishda joriy yil dekabr oyida o‘tkaziladigan “Fuqarolik jamiyati haftaligi”ni tashkil etish masalasi ham muhokama qilinib, fuqarolik jamiyati institutlarining murojaatlari ko‘rib chiqildi.
N.Abduraimova,
O‘zA