Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Toshkent viloyatida chiqindilarni boshqarish sohasini rivojlantirish, xizmatlarni raqamlashtirish va iqtisodiy samarador tizimni yaratish masalalari muhokama qilindi. Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda sohada amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va ustuvor vazifalar ko‘rib chiqildi.
Ayni paytda hududda sanitariya tozalash xizmatlari 4 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi korxona, “Toza hudud” davlat muassasasi hamda 13 ta muqobil korxona tomonidan ko‘rsatilmoqda. Muloqotda chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish, xizmatlar sifatini oshirish, chiqindi poligonlarini tartibga keltirish, debitor qarzdorlikni qisqartirish hamda xizmat ko‘rsatish jarayonlarini raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, sohaga xususiy sektorni keng jalb etish va zamonaviy texnologiyalar asosida samarali boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar belgilab berildi.
***
Olmaliq shahrida “Yagona xalq, yagona Vatan, yagona maqsad” shiori ostida sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar o‘rtasida “Kasaba uyushmasi kubogi” gimnastika musobaqasi o‘tkazildi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Toshkent viloyati Kengashi tashabbusi bilan Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda Sport boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan musobaqa barcha tuman-shaharlardagi tibbiyot muassasalari, Toshkent viloyati Perinatal markazi hamda Respublika tez tibbiy yordam markazi Toshkent viloyati filialidan 250 nafarga yaqin xotin-qizlarni birlashtirgan 24 ta jamoa qatnashdi.
Barcha chiqishlar hakamlar hay’ati tomonidan artistizm, texnik ijro, originallik va kompozitsiya uyg‘unligi kabi mezonlar asosida baholandi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakunida Respublika tez tibbiy yordam markazi Toshkent viloyati filiali jamoasi 1-o‘rinni egallab, “Kasaba uyushmasi kubogi”ni qo‘lga kiritdi. Bo‘ka tumani jamoasi 2-o‘ringa, Chirchiq shahri jamoasi esa 3-o‘ringa munosib deb topildi. G‘oliblar jamoalarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
***
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan Qibray tumanida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarga munosib bayram sovg‘asi ulashildi.

Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qism chegara qo‘riqlash vzvodlaridan birida xizmat qilib kelayotgan harbiy xizmatchilar uchun barpo etilgan 24 ta xizmat uyining kalitlari tantanali ravishda topshirildi. Tantanali marosimda ishtirok etgan Qibray tumani hokimi Muzaffar Rashidov, Chegara qo‘shinlari rahbariyati, faxriylar, keng jamoatchilik vakillari hamda harbiy xizmatchilarning ota-onalari va yaqinlari qatnashdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib xizmat va turmush sharoitlarini yaratish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, uy-joy bilan ta’minlash hamda oilalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda.
Shuningdek, tadbir davomida tuman hokimligi tomonidan harbiy xizmatchilarga esdalik sovg‘alari ham topshirildi.
A.Musayev,O‘zA