Migratsiya shunchaki xorijga ishga ketish emas (+video)
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi oldiga xorijga ishga borayotgan yurtdoshlarimizni kasbga tayyorlash va til o‘rgatish, chetda mehnat qilayotgan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish kabi vazifalar yuklangan.
Migratsiya haqida gap ketganda, ko‘z oldimizga xorijga ishlash uchun ketayotgan yurtdoshlarimiz, aeroportlardagi kuzatuvlar, oilasini vaqtincha tark etayotgan ota-onalar va yosh yigitlar, xorijdan kelayotgan pul o‘tkazmalari keladi. Ammo migratsiya faqat shundan iborat emas. Uning zamirida mehnat bozori, inson kapitali, oila farovonligi, demografiya va mamlakat iqtisodiyoti bilan bog‘liq jarayonlar mujassam. Bugungi globallashuv davrida dunyoning barcha mamlakatlari bu jarayonning ob’ekti yoki sub’ekti hisoblanadi.
Migratsiya agentligi Samarqand hududiy filiali rahbari Laziz Ibragimovning qayd etishicha, xorijiy davlatlarda mavjud ish o‘rinlari talablariga javob beradigan fuqarolar tegishli tartibda yirik xorijiy korxonalar bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan tanlovlarga jalb qilinmoqda. Birgina shu yilning o‘zida o‘ndan ortiq xorijiy davlatning 47 ta ish beruvchi vakillari bilan hamkorlikda 74 marotaba tanlovlar o‘tkazildi va bu tadbirlarda 2,1 ming nafar nomzod ishtirok etdi. Ulardan orasidan 1,1 ming nafari tanlab olinib, shu paytgacha 963 nafar fuqaro xorijda ishga joylashtirildi.
Migratsiya va kasbiy ta’lim agentliklari o‘rtasidagi hamkorlik asosida bugungi kunda texnikumlarda fuqarolarni kasbga o‘rgatish va xorijiy tillarni o‘qitish kurslari tashkil etilgan. Jumladan, Samarqand shahar 3-texnikumi qoshidagi qurilish sohasida mutaxassislar tayyorlash markazida to‘rt yo‘nalish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari hamda tanlovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, xorijga ishga yuborilayotgan shaxslar uchun birlamchi tayyorlov kurslari faoliyat ko‘rsatmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/dGesEFqVEyQ" title="Migratsiya shunchaki xorijga ishga ketish emas" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri