Izboskan tumanida Oila va xotin-qizlar maskani ish boshladi
Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yillik bayrami arafasida Izboskan tumani markazida tashkil etilgan Oila va xotin-qizlar maskani o‘z faoliyatini boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyatning tuman, shaharlarida “Oila va xotin-qizlar maskan”larini barpo etish, faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.
Ana shu topshiriq ijrosi doirasida Izboskan tumanida tashkil etilgan maskan ochilishida Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nigoraxon Yunusova, Izboskan tumani hokimi Abrorbek Ahmadaliyev, tuman, shahar hokimlari o‘rinbosarlari, oila va xotin-qizlar bo‘limlari rahbarlari, mahallarda faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar faollari, hamkor tashkilotlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olganlar tomonidan Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda xotin-qizlar, ularni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, turmush farovonligini yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganligi ta’kidlandi. Xususan, “Oila va xotin-qizlar maskani”ning tashkil etilishi tumanda oilalar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, ularning muammolarini o‘rganish va manzilli ko‘mak ko‘rsatish yo‘lidagi muhim qadam ekanligi qayd etildi.
Yangi tashkil etilgan maskanda oilalarni mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, kasbga yo‘naltirish, opa-singillarimizga turli masalalarda maslahatlar berish, ko‘maklashish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan ishlar amalga oshiriladi.


Xotin-qizlar uchun o‘quv kurslari, maslahat markazi, sport zali va boshqa qator yo‘nalishlardagi faoliyatlar yo‘lga qo‘yiladigan ushbu maskan tumanda oila va xotin-qizlar yo‘nalishidagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Tadbir doirasida xotin-qizlar tomonidan tayyorlangan hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri