Ta’lim sifatini oshirish yo‘lida
Mamlakatimizda ta’lim tizimini isloh qilish, uni zamon talablari asosida rivojlantirish va yosh avlodga sifatli bilim berish masalalari ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada joylarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish, muammolarni joyida hal etish hamda yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimovaning Buxoro viloyatiga tashrifi amaliy ahamiyati bilan e’tiborga loyiq bo‘ldi.
Tashrif doirasida vazir dastlab viloyatning eng chekka hududlaridan Qorako‘l tumanidagi 4-maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘lib, ta’lim-tarbiya jarayonlari, bolalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Muassasaning moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilash maqsadida uni kapital ta’mirlash bo‘yicha Davlat dasturiga kiritish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi. Shuningdek, tumandagi 8-umumta’lim maktabida ham bo‘lib, ta’lim sifati, iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash va infratuzilmani yaxshilash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek vazir Olot tumanidagi 12-maktab faoliyati bilan yaqindan tanishib, pedagoglar va o‘quvchilar bilan samimiy suhbat o‘tkazdi. Ayniqsa, mazkur maktabda tashkil etilgan “Vazir va yoshlar uchrashuvi” ochiq va faol muloqot ruhida kechdi. Unda tuman hokimi Nargiza Ne’matova ham ishtirok etdi.
[gallery-29142]
Uchrashuv davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, taklif va tashabbuslari bilan faol qatnashdilar. Xususan, xorijiy oliygohlarda tahsil olishni istagan o‘quvchilarga hujjat topshirishda ko‘maklashuvchi onlayn platforma yaratish, sun’iy intellekt va axborot texnologiyalarini chuqur o‘rganish uchun qo‘shimcha to‘garaklar tashkil etish kabi dolzarb takliflar ilgari surildi.
Tadbir yakunida bir guruh faol o‘quvchilar munosib taqdirlandi. Jumladan, ingliz tilidan xalqaro B2 darajani qo‘lga kiritgan 8 yoshli Akbaralining yutuqlari alohida e’tirof etildi. Vazirning ta’kidlashicha, bu kabi natijalar ortida ota-ona e’tibori, to‘g‘ri yo‘naltirish va uzluksiz mehnat yotadi. Akbarali nafaqat til o‘rganishda, balki aniq fanlarda ham yuqori natijalarga erishib, yoshlar uchun ibrat bo‘layotgani qayd etildi.
Shuningdek, vazir Olot tumani hokimligida soha rahbarlari, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari direktorlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, kelgusi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Jumladan, maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish, o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish, o‘qituvchilar salohiyatini oshirish, metodik ishlar samaradorligini yuksaltirish va ma’naviy-ma’rifiy muhitni mustahkamlash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur tashrif ta’lim sohasidagi mavjud muammolarni joyida o‘rganish, ularni hal etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilash hamda yoshlarning fikr va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda muhim qadam bo‘ldi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.