O‘zbekiston yoshlari "Kelajak muhandislari" xalqaro festivali g‘olibiga aylandi
Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 1-sentabr kuni SHHTning Tyanszin sammitida ilgari surgan tashabbusi bilan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar va boshqa mamlakatlardan 14 mingga yaqin yosh dasturchilarni birlashtirgan "Kelajak muhandislari" xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi.
Festival doirasida aviatsiya, agrotexnologiyalar, mashinasozlik, robototexnika, "yashil" energetika, arxitektura va tibbiyot muhandisligi kabi 9 ta zamonaviy muhandislik yo‘nalishi bo‘yicha ko‘rgazma, olimpiada va tanlovlar o‘tkazildi. Yakunda "Kelajak muhandislari" ilmiy konsorsiumi tashkil etilgani e’lon qilindi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tashkil etildi. Tadbirda ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklari rahbarlari, SHHTga a’zo davlatlar universitetlari rektorlari, SHHT Kotibiyati, BMT va Butunjahon muhandislik tashkilotlari federatsiyasi vakillari ishtirok etdi.
Mazkur xalqaro tanlovda O‘zbekiston talabalari ham o‘z salohiyatini munosib tarzda namoyon etdi. Xususan, 9 turdagi muhandislik yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro tanlovda Olmaliq davlat texnika instituti talabalari 3 ta sovrinli o‘ringa sazovor bo‘ldi.
“ASTRYX” jamoasi First Tech Challenge “China Championship 2026” xalqaro turniriga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. “Injener metallurg” jamoasi “Mexanizmlar estafetasi” musobaqasida sovrindor bo‘lish orqali bilimga chanqoqlik, yangilikka intilish va jamoaviy ishonchni isbotladi.
Robototexnika yo‘nalishida ODTI talabalari “Gumonoyd robotlar” musobaqasida 3-o‘rinni egallab, O‘zbekiston terma jamoasiga qabul qilindilar.
Katta ko‘lamdagi transformatsiya jarayonlari olib borilayotgan Olmaliq davlat texnika instituti talabalarining bu yutuqlari shunchaki natija emas. Bu mehnat, o‘qish va izlanish, haqiqiy muhandislik tafakkurining yorqin namunasidir. Bu yutuqlar — faqatgina boshlanishi. Ilmga ishongan, mehnat va aql-zakovat maydonida toblanayotgan yoshlar kelajak yaratuvchilaridir.
A.RUSTAMOV, O‘zA