Tadbirkorlik faoliyatiga nisbatan noqonuniy tekshiruvlarga chek qo‘yilmoqda
O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatiga asossiz aralashuvlarning oldini olish va sohada shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy etilmoqda.
«Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Ushbu hujjat bilan 2026-yil 1-iyuldan boshlab «Yagona davlat nazorati» axborot tizimi va uning mobil ilovasi yangi imkoniyatlar bilan ishga tushiriladi.
Endilikda tadbirkorlar o‘z hududidagi tuman hokimi, mahalla raisi, hokim yordamchisi, profilaktika va soliq inspektorlari haqida ma’lumot olish hamda ular bilan maxsus chat orqali muloqot qilish imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, tadbirkorlar davlat xizmatchilarining xatti-harakatlariga baho berishi mumkin va tizim tekshiruv huquqi bo‘lmagan nazoratchi haqida real vaqt rejimida xabar beradi. Shu kundan boshlab tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda ularning shaxsiy kabinetlari tizimda avtomatik ravishda ochiladi.
2026-yil 1-avgustdan boshlab sohada yana bir muhim yangilik — «Biznes himoya» QR-kodi joriy etiladi. Shu sanadan e’tiboran tekshiruvlarni ro‘yxatga olish elektron kitobining qog‘oz shakli va nazoratchilarning qog‘oz ko‘rinishidagi guvohnomalari bekor qilinadi.
Nazoratchilar tekshiruvni boshlashdan oldin tadbirkorning QR-kodini skanerlashi majburiy etib belgilandi. Agar davlat xizmatchisi ma’lumotlarni tizimga kiritmasa, tadbirkor uni o‘z hududiga qo‘ymaslik va muloqot qilmaslik huquqiga ega. Shuningdek, davlat organi nomidan tekshiruv maqsadisiz kelish yoki tadbirkorni chaqirish «nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqot» sifatida ro‘yxatga olinadi.
Farmon bilan insofsiz nazoratchilarga nisbatan qat’iy choralar belgilandi. Bir yil davomida bir tadbirkor bilan ikki va undan ortiq marotaba asossiz muloqotga kirishgan xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi va u 12 oy davomida shu tadbirkordagi tekshiruvlardan chetlashtiriladi.
Ushbu taqiqni buzish tekshirish huquqini beruvchi guvohnomaning 3 oygacha to‘xtatilishiga sabab bo‘ladi. Tartibni surunkali buzuvchilar esa 6 oy muddatga «Insofsiz tekshiruvchilar reyestri»ga kiritiladi.
Hamroz Bayonov, O‘zA