Pedagoglarga ayrim davlat xizmatlarini ko‘rsatishda 50 foiz chegirma beriladi
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-apreldagi 175-son qarori bilan Hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, ta’lim tashkilotida mehnat shartnomasi asosida ta’lim va tarbiya sohasida kasbiy faoliyatni amalga oshiruvchi pedagog shaxslar uchun quyidagi davlat xizmatlari narxi xizmatlar umumiy qiymatining 50 foizini tashkil qilishi belgilandi:
– ko‘chmas mulk ob’ektlarining davlat kadastri sohasida davlat xizmatlari;
– muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish bo‘yicha davlat xizmatlari;
– umumta’lim fanlarini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish bo‘yicha davlat xizmatlari;
– traktorchi-mashinist guvohnomasini olish uchun imtihon topshirishga ruxsat berish bo‘yicha davlat xizmatlari;
– rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yish bo‘yicha davlat xizmatlari va boshqalar.
Shuningdek, kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar direktor va direktor o‘rinbosarlari 5 yilda bir marotaba ishdan ajralgan holda Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil qilinadigan menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitilishi belgilandi.
Bundan tashqari, ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlardagi o‘quvchilarni o‘qishdan chetlashtirish, boshqa yo‘nalishga o‘tkazish va o‘quvchilar o‘qishini ko‘chirish tartibi belgilandi.
O‘zA