Toshkent zilzilasiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma
Toshkent muzeyida O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi hamkorligida “Toshkent zilzilasi – xalqlararo birdamlik nuqtasi” mavzuida arxiv hujjatlari fotoko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Arxiv hujjatlari asosida xalqlararo do‘stlik, mehr-oqibat va insonparvarlik kabi umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib qilish, tarixiy xotirani asrash hamda ushbu ma’naviy merosni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida tashkil etilgan ko‘rgazmada 1966-yil 26-aprel kuni sodir bo‘lgan Toshkent zilzilasi mamlakatimiz tarixidagi eng og‘ir sinovlardan biri sifatida qayd etilib, tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish jarayonida namoyon bo‘lgan xalqlararo birdamlik, insonparvarlik va o‘zaro hamjihatlik an’analari fotolar orqali keng yoritildi.

Tadbirda qayd etilganidek, mazkur fojia oqibatida poytaxtda katta vayronagarchilik yuzaga kelgan bo‘lsa-da, ushbu sinov turli millat va xalqlarni yagona maqsad yo‘lida birlashtirdi. Sobiq ittifoqning turli respublikalaridan kelgan minglab insonlar Toshkentni tiklash ishlarida faol ishtirok etib, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikning yuksak namunasini namoyon etdi.
Fotoko‘rgazma doirasida zilzila oqibatlari, vayronagarchilik ko‘lami, shaharni qayta qurish jarayonlari hamda turli xalqlar vakillarining Toshkentni tiklashdagi beqiyos hissasini aks ettiruvchi 60 dan ortiq arxiv fotosuratlar va hujjatlar namoyish etildi.

Ushbu materiallar orqali Toshkent zilzilasi nafaqat tabiiy ofat, balki xalqlarni yaqinlashtirgan, insonlarni ezgulik va hamjihatlik g‘oyasi atrofida birlashtirgan muhim tarixiy voqea sifatida talqin etildi.
Tadbir doirasida so‘zga chiqqan ma’ruzachilar fotoko‘rgazmaning ahamiyatiga alohida to‘xtalib, arxiv hujjatlari orqali tarixiy xotirani tiklash, yosh avlod qalbida vatanparvarlik va insonparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.

Jumladan, “O‘zarxiv” agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov arxiv hujjatlari xalq xotirasining ajralmas qismi ekanini ta’kidlab, bunday tadbirlar yoshlarni tarixiy voqealar bilan yaqindan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Tadbir ishtirokchilari Toshkentning qisqa muddatda qayta tiklangani xalqlar birdamligi va fidokorona mehnat samarasi ekanini alohida e’tirof etdi. Mazkur jarayon nafaqat shaharni qayta qurish, balki xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, hamjihatlik va o‘zaro ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Bu kabi arxiv fotoko‘rgazmalar yosh avlodga tarixdan saboq olish, millatlararo totuvlik qadrini anglash hamda tabiiy ofatlarga qarshi tayyorgarlik madaniyatini shakllantirishda muhim ma’rifiy ahamiyatga ega.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA