“Soliq xizmati fidoyisi” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi
O‘zbekistonda soliq tizimini modernizatsiya qilish, sohada xizmat sifatini oshirish va kadrlar salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan yangi islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Prezidentimizning joriy yil 19-maydagi “Soliq organlari faoliyatini institutsional jihatdan takomillashtirish va soliq ma’muriyatchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni muhim ahamiyat kasb etadi.
Farmonga muvofiq, 2027-yil 1-yanvardan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar bo‘yicha soliq vakolatli organlar tomonidan taqdim etiladigan ma’lumotlar asosida avtomatik hisoblab chiqiladi. Shu orqali soliq to‘lovchilarning soliq hisobotini alohida taqdim etish majburiyati bekor qilinadi.
Shuningdek, jismoniy shaxslarning ipoteka kreditlarini qoplashga yo‘naltirilgan daromadlari bo‘yicha soliq imtiyozlari proaktiv tartibda qo‘llanadi. Bunda ortiqcha to‘langan mablag‘ fuqaroning murojaatiga asosan 10 ish kuni ichida qaytarib beriladi.
Farmonda yirik soliq to‘lovchilar toifasini belgilash tartibi ham aniqlashtirildi. Unga ko‘ra, 2027-yildan boshlab, oxirgi 12 oy davomida to‘langan soliqlar, yig‘imlar, davlat bojlari va boshqa to‘lovlari hajmi bazaviy hisoblash miqdorining 500 ming baravaridan ortiq bo‘lgan korxonalar hamda tijorat banklari o‘ta yirik soliq to‘lovchilar deb e’tirof etiladi.
Soliq sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash maqsadida 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab Soliq qo‘mitasi huzurida Soliq oliy maktabi tashkil etiladi. Unda bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanishi rejalashtirilgan.
Farmonda sohada fidokorona mehnat qilayotgan xodimlarni rag‘batlantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, 2027-yil 1-yanvardan soliq tizimi rivojiga munosib hissa qo‘shgan va tashabbuskorligi bilan ajralib turgan shaxslarni taqdirlash maqsadida “Soliq xizmati fidoyisi” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi.
Mazkur islohotlar soliq ma’muriyatchiligini yanada soddalashtirish, raqamlashtirish jarayonlarini kengaytirish hamda sohada professional kadrlar zaxirasini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA