O‘zbekiston avtomobil bozorida qanday o‘zgarishlar kuzatilmoqda?
Joriy yilning aprel oyida mamlakatimiz avtomobil bozorida mahalliy ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar va elektromobillarga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshdi. Shu bilan birga, ikkilamchi bozorda, ya’ni eski avtomobillar savdosida pasayish tendensiyasi davom etmoqda. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tahlillar O‘zbekiston avtomobil bozoridagi ana shunday muhim o‘zgarishlarni ko‘rsatmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, aprel oyida respublika bo‘yicha barcha turdagi avtotransport vositalari savdosi 88,2 ming donani tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,9 foizga kamaygan. Ammo umumiy tendensiya ijobiyligicha qolmoqda: yil boshidan buyon mamlakatda jami 348,5 ming dona avtotransport vositasi sotilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,1 foizga ko‘pdir. Hududlar kesimida eng yuqori o‘sish sur’atlari Toshkent shahrida (11,8 foiz), Farg‘ona (11 foiz) va Samarqand (10,9 foiz) viloyatlarida qayd etildi.
Birlamchi avtomobil bozoridagi vaziyatga nazar tashlasak, aprel oyida yangi yengil avtomobillar savdosi 24,9 ming donani tashkil etdi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,6 foizga kamaydi. Shuni ta’kidlash joizki, bozordagi savdoning asosiy qismini mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar ta’minlamoqda. Xususan, aprel oyida mahalliy yengil avtomobillar savdosi qariyb 21,3 ming donaga yetib, yillik hisobda 4 foizlik o‘sishni namoyish etdi. Birlamchi bozordagi umumiy faollikning biroz pasayishi esa asosan xorijiy avtomobillar savdosining qisqarishi bilan bog‘liq bo‘ldi. Oy davomida yangi xorijiy avtomobillar savdosi taxminan 3,6 ming donani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 32 foizdan ortiqqa kamaygan. Ikkilamchi bozorda ham pasayish kuzatilib, aprel oyida foydalanilgan yengil avtomobillar savdosi 15 foizdan ko‘proqqa kamaydi va 43,7 ming donani tashkil etdi.
Elektromobillar segmenti esa yengil avtomobillar bozorida eng yuqori o‘sish sur’atlarini namoyon etishda davom etmoqda. Aprel oyida mamlakatimizda elektromobillar savdosi 8,1 ming donani tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 2 barobarga oshdi. Yillik hisobda savdolarning o‘sishi respublikaning deyarli barcha hududlarida kuzatildi, faqat Samarqand viloyatida bozor faolligi o‘tgan yilga nisbatan 34 foizga kamaygan.
Ushbu segmentda eng yuqori savdo hajmi an’anaviy tarzda Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi. Poytaxtda 5,56 mingdan ortiq elektromobil sotilgan bo‘lib, bu mamlakat elektromobillar bozorining qariyb 70 foizi demakdir. Viloyatlar orasida esa Toshkent va Farg‘ona viloyatlari yetakchilik qilmoqda. Mazkur hududlarda mos ravishda 573 ta va 464 ta elektromobil xaridorlarga yetkazib berildi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA