Shahzodbek Osiyo chempionati sovrindorlari safidan joy egalladi
Qozog‘iston Respublikasining Chimkent shahrida 3–6-aprel kunlari jang san’ati sport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida Sayxunobod tumani sport maktabi tarbiyalanuvchisi Shahzodbek Mahammatov munosib ishtirok etib, faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi va kumush medal sovrindori sifatida sovrindorlar safidan joy egalladi.
Musobaqa davomida qit’aning turli davlatlaridan kelgan kuchli sportchilar o‘zaro bellashib, yuqori darajadagi raqobat muhitida o‘z mahoratlarini namoyish etdilar. O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Shahzodbek barcha bosqichlarda iroda, chidam va tayyorgarlikning yuqori darajasini ko‘rsatdi.
Final yakunlariga ko‘ra, sportchimiz kumush medalga sazovor bo‘lib, mamlakatimiz va Sirdaryo viloyati sharafini munosib himoya qildi.

— Osiyo chempionati men uchun katta tajriba bo‘ldi. Har bir uchrashuv juda kuchli raqobat ostida o‘tdi. Finalgacha yetib borganim men uchun katta yutuq, ammo bu bilan to‘xtab qolmayman. Kelgusida yanada katta maqsadlarim bor — jahon chempionatlarida ham yuksak natijalarga erishish, O‘zbekiston bayrog‘ini yanada baland ko‘tarish uchun mehnat qilaman, — deydi Shahzodbek Mahammatov.
Murabbiylar va sport mutaxassislari qayd etishicha, ushbu natija Shahzodbekning tizimli tayyorgarligi, qat’iy intilishi hamda murabbiylar maktabining samarasidir. Bu yutuq yosh sportchilar uchun ham katta rag‘bat vazifasini o‘taydi.
Shu tariqa, Shahzodbek Mahammatov Osiyo chempionati sovrindorlari qatorida munosib o‘rin egallab, kelgusidagi xalqaro musobaqalar uchun muhim tajriba orttirdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri