Kurashchi qizlarimiz Osiyo chempionatida 3 ta medalli bo‘ldi
Vetnamning Danang shahrida sport kurashlari bo‘yicha davom etayotgan U23 Osiyo chempionatida ayollar kurashi bahslari o‘tkazilmoqda.
Ayollar kurashi bahslarining ilk kuni terma jamoamiz a’zolari 1 ta oltin, 1 ta kumush, 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
-59 kg. vazn toifasida gilamga chiqqan Layloxon Sobirova qit’aning tengsiz ayol kurashchisi ekanini isbotladi.
U birinchi davrada vetnamlik Ti Ngo, ikkinchi bosqichda qirg‘izistonlik Akilay Chinbayeva, 1/2 finalda qozog‘istonlik Viktoriya Xusainova, hal qiluvchi final bellashuvida hindistonlik Nexani mag‘lubiyatga uchratdi.
Finalga qadar mag‘lubiyatsiz yetib kelgan Firuza Yesenbayeva (-68) kumush, Nilufar Nurmuhammedova (-50) bronza medaliga ega chiqdi.
Bugun, 25-may kuni ayollar kurashi bahslari davom etsa, ertadan erkin kurashchilar bahslarga kirishadi.
Chempionat 1-iyunga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA