O‘zbekiston va Gruziya tabiiy sharbatlar ishlab chiqarishda hamkorlik qiladi
O‘zbekistonda oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada xorijiy kompaniyalar bilan investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish muhim.
O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Gruziyaning “Georgia’s Natural” kompaniyasi bosh direktori Vladimir Gugushvili bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda meva va rezavorlarni qayta ishlash, tabiiy va organik sharbatlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda ushbu yo‘nalishga xorijiy investitsiyalarni jalb etish masalalari muhokama qilindi, deyiladi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotida.
Tomonlar oziq-ovqat sanoatida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqib, bunda mamlakatimizning qishloq xo‘jaligi salohiyati va ichki bozor imkoniyatlaridan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratdi.
Bunday tashabbuslar meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, tayyor mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish va qishloq xo‘jaligi xomashyosining qo‘shilgan qiymatini oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Uchrashuv yakunida istiqbolli loyihalar ishlab chiqish va o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
M.HOJIAKBAROVA,
O‘zA