O‘zbekiston hunarmandchiligi san’atining noyob namunalari namoyish etildi
Qirg‘iz Respublikasining Bishkek shahrida “Hamdo‘stlik xalqlarining madaniy merosi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda MDH mamlakatlaridan kelgan hunarmandlar, jumladan mamlakatimiz hunarmandlari, dizaynerlar, san’atshunoslar, olimlar va madaniyat sohasi vakillari ishtirok etdi.


Konferensiya doirasida “Hunarmand” va “San’at” jurnallari bosh muharriri, Hunarmand uyushmasi ilmiy maslahatchisi Binafsha Nodir “Kashtalangan xotira: o‘zbek an’anaviy kashtachiligining mahalliy maktablari va zamonaviy transformatsiyasi” mavzusida ma’ruza qildi.
Shuningdek, xalqaro tadbir doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmada O‘zbekiston hunarmandchiligi san’atining noyob namunalari namoyish etildi. Jumladan, Rishton kulolchilik maktabi vakili Alisher Nazirov hamda yog‘och o‘ymakorligi ustasi Alisher Ubaydullayevning asarlari ishtirokchilar e’tiboriga havola qilindi.


Mazkur xalqaro anjuman madaniy merosni asrash, milliy hunarmandchilik an’analarini targ‘ib etish hamda sohadagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA