O‘zbekiston – Turkiya: pensiya va ijtimoiy ta’minot sohasida hamkorlik mustahkamlanmoqda
Shu kunlarda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi delegatsiyasi Turkiyaning Kushadasi shahrida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida mamlakatimiz delegatsiyasi, Turkiya Respublikasi Mehnat va ijtimoiy ta’minot vazirligi hamda Ijtimoiy ta’minot muassasasi (SGK) vakillari ishtirokida pensiya va ijtimoiy ta’minot sohasidagi muzokaralarning ikkinchi bosqichi o‘tkazilmoqda.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati o‘rtasidagi Ijtimoiy ta’minot to‘g‘risidagi bitim hamda uni amalga oshirish bo‘yicha ma’muriy kelishuv loyihalari muhokama qilindi.
Tomonlar avvalgi bosqichda ko‘tarilgan masalalarni yana bir bor ko‘rib chiqib, bitim va ma’muriy kelishuv loyihalari matnlarini to‘liq muvofiqlashtirish, shuningdek, ularni imzolashga tayyor holatga keltirish yuzasidan muzokaralarni davom ettirmoqda.
Jamg‘arma axborot xizmati qayd etganidek, mazkur hujjatlar ikki davlat hududida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning pensiya va ijtimoiy ta’minot huquqlarini ta’minlash, pensiya ta’minoti sohasidagi tomonlar hamkorligini yanada mustahkamlash hamda ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, ushbu sa’y-harakatlar ikki mamlakat o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish va fuqarolarning ijtimoiy kafolatlarini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
N.Ziyodullayeva, O‘zA