Samarqand Ko‘ktoshi: Buxoro amirlari talpingan siyosiy ramz
Kishilik tarixida ba’zi ashyolar oddiy jism bo‘lishdan yuqorilab, butun bir millatning davlatchilik tafakkuri, hukmdorlik ramzi va siyosiy qonuniylik tushunchalarining timsoliga aylanadi.
Buyuk Britaniya uchun bu Shotlandiya tojini kiydirishda ishlatiladigan “Taqdir toshi” bo‘lsa, dunyoning eng qadimgi monarxiyasi Yaponiyada bu “Xrizantema taxti”dir. Bunday nodir ramzlar hukmdorning shaxsidan ham yuqori turuvchi, uning hokimiyatiga ilohiy yoki tarixiy haqqoniylik bag‘ishlovchi vositaga aylanadi. Movarounnahr zaminida ana shunday bebaho, besh asrdan ortiq vaqt mobaynida Markaziy Osiyo taqdirida muhim o‘rin tutgan ramz – bu Samarqanddagi mashhur Ko‘ktoshdir.
Bu oddiy marmar parchasi emas, balki Amir Temur siyosiy dahosining mahsuli, uning yangi saltanati poydevoriga qo‘yilgan tamal toshi edi. Sohibqiron Samarqand arkida qad rostlagan, Mirzo Bobur “bisyor oliy imorat” deya ta’riflagan to‘rt qavatli muhtasham Ko‘ksaroyning eng yuqori qismiga, taxtxonaga aynan shu toshni o‘rnatdi. Bunda chuqur siyosiy-ramziy ma’no bor edi. U o‘zining hokimiyati nafaqat qilich kuchiga, balki mustahkam qonun ustunlariga va tarixiy an’analarga asoslanganini ko‘rsatishni istagan. Ko‘ktosh – o‘troq davlatchilik madaniyati va ko‘chmanchi harbiy salohiyatni birlashtirgan yangi imperiyaning timsoliga aylandi. Sohibqiron ushbu taxtda o‘tirib elchilarni qabul qilar, davlat kengashlarini o‘tkazar, fuqarolarning arzini tinglardi. Shu tariqa, Ko‘ktosh adolat va qonuniylik manbai sifatida xalq ongiga singib bordi.
Amir Temurning vafotidan so‘ng boshlangan taxt uchun kurashlar davrida Ko‘ktoshning ahamiyati yanada ortdi. U endi shunchaki taxt emas, balki oliy hokimiyatga egalik qilish huquqini beruvchi ramzga aylandi. Kimda-kim Samarqandni egallab, Ko‘ktoshga o‘tirsa, o‘sha davlatning qonuniy hukmdori sanalar edi. Shu sababli temuriy shahzodalar – xoh ular Mirzo Ulug‘bek yoki Xalil Sulton bo‘lsin – o‘z hukmronliklarini aynan shu marosim orqali mustahkamlaganlar. Ular Ko‘ktoshga chiqish orqali nafaqat siyosiy, balki ma’naviy jihatdan ham buyuk sohibqiron merosiga voris ekanliklarini namoyish etganlar.
Eng qizig‘i, Movarounnahrda hokimiyat Temuriylar qo‘lidan ketib, avval Shayboniylar, so‘ngra Ashtarxoniylar va Mang‘itlar sulolasi qo‘liga o‘tganida ham Ko‘ktosh o‘z maqomini butkul yo‘qotmadi. Aksincha, uning siyosiy-ramziy vazni yanada ortdi. Aslida yangi sulolalar uchun o‘zlarining yangi ramzlarini yaratish mantiqliroq tuyulishi mumkin edi. Biroq ular o‘zlaridan oldingi, ba’zan dushman bo‘lgan sulola taxtidan voz kechmadilar. Buning sababi shundaki, Ko‘ktosh endi Amir Temurga emas, balki Movarounnahrdagi davlatchilikning o‘ziga tegishli ramzga aylanib ulgurgan edi. Unga o‘tirish – bu o‘sha zaminning, o‘sha xalqning tarixiy xotirasi va an’analarini tan olish, o‘zini shu tarixning bir qismi va davomchisi deb e’lon qilish degani edi.
Ayniqsa, poytaxt Samarqanddan Buxoroga ko‘chirilgan davrlarda bu an’ana yanada yorqinroq namoyon bo‘ladi. Buxoroning ayrim amirlari taxtga chiqqach, atayin katta tantanalar bilan Samarqandga safar uyushtirib, Ko‘ktoshga o‘tirish marosimini o‘tkazganlar. Bu safarning o‘zi ulkan siyosiy ahamiyatga ega edi. Bu bilan ular nafaqat o‘z hokimiyatlarini qonuniylashtirganlar, balki butun mamlakatga Samarqandning tarixiy maqomi hamon baland ekanini, yangi hukmdor butun Movarounnahrning, jumladan, Temur saltanatining ham vorisi ekanini ko‘rsatganlar.
Bu marosimning naqadar muhimligini 1860-yilda amir Muzaffarning taxtga o‘tirishi misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Bu shunchaki taxtga chiqish emas, balki qadimiy turkiy an’analar va islomiy marosimlar qorishmasidan iborat murakkab siyosiy jarayon edi. Amirni maxsus tayyorlangan oq kigizga o‘tqizib, Buxoro amirligi tarkibidagi ming, kenagas, mang‘it, nayman, qipchoq kabi o‘zbek urug‘larining boshliqlari va amaldorlarning boshlari uzra ko‘tarib, Ko‘ktoshga olib borishlari – bu qadimgi xon saylash an’analarining o‘n to‘qqizinchi asrdagi ko‘rinishi edi. Bu ramziy harakat amirning hokimiyati yakka shaxsning emas, balki barcha urug‘lar va elatlarning umumiy roziligi va qo‘lloviga asoslanganini anglatgan. Bu – o‘ziga xos ijtimoiy kelishuvning ommaviy namoyishi edi. Tarixchilarning yozishicha, amir Nasrulloni Ko‘ktoshga o‘tqizishganda xalq qiyqirib, olqishlagan, Muzaffar taxtga chiqqanida esa atrofni jimlik qoplagan. Bu kichik tafsilotning o‘zi yangi hukmdorning xalq orasidagi obro‘si va o‘sha davrdagi siyosiy vaziyat haqida ko‘p narsani anglatib turibdi.
Vaqt o‘tishi bilan Ko‘ksaroy xarobaga aylandi, ammo Ko‘ktosh uchun Buxoro amirlari maxsus bino qurdirib, uni asrab-avayladilar. Biroq, Rossiya imperiyasining istilosidan so‘ng uning taqdiri keskin o‘zgardi. U endi amaldagi hokimiyat ramzi emas, balki o‘tmishning yodgorligiga, sayyohlar va tarixchilar uchun qiziqarli eksponatga aylandi. Tarixchi olim Amriddin Berdimurodovning yozishicha, uzoq yillar harbiy garnizon ichida qarovsiz qolgan bu tosh XX asrning 60-yillaridagina Amir Temur maqbarasi hovlisiga ko‘chirib o‘tkazildi.
Bugungi kunda Amir Temur maqbarasi hovlisida, ochiq osmon ostida turgan Ko‘ktosh jimgina o‘zining buyuk va murakkab tarixini hikoya qilayotgandek. U endi taxt emas. Lekin u oddiy tosh ham emas. U – Temur saltanatining qudratli poydevoridan tortib, so‘nggi Buxoro amirlarining notinch davrigacha bo‘lgan besh asrlik o‘zbek davlatchiligining jonli solnomasi, siyosiy meros va tarixiy xotiraning yodnomasidir.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA