Og‘ir atletikachilar O‘zbekiston kubogi uchun kurashga kirishdi
Bugun, 9-sentabr kuni poytaxtimizdagi Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi majmuasida og‘ir atletika bo‘yicha kattalar va yoshlar o‘rtasidagi O‘zbekiston kubogi bahslariga start berildi.
Kubok musobaqalari boshlanishi oldidan O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Sh.Mahmudov, Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi direktori A.Nizomiddinov sportchilar uchun yaratilgan sharoitlar hamda mashg‘ulot va musobaqalarni o‘tkazish uchun hozirlangan imkoniyatlar bilan tanishdi.

Musobaqalarni belgilangan talablar asosida yuqori saviyada tashkil etish, sportchilar uchun qulay va munosib sharoitlarni ta’minlash, shuningdek, bellashuvlarning tashkiliy jihatlariga alohida e’tibor qaratish yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiyalar berildi.

Ta’kidlash joiz, yurtimizning eng kuchli yosh og‘ir atletikachilari ishtirok etayotgan mamlakat kubogi bahslari terma jamoaga munosib nomzodlarni saralash vazifasini o‘taydi.
Aynan mazkur kubok bahslari joriy yil Xitoyning Ningbo shahrida o‘tadigan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatiga saralash musobaqasi ekanligi bilan ahamiyatli sanaladi.
Shu bilan birga yosh og‘ir atletikachilar kubok musobaqalarida jahon chempionatiga yo‘llanma olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
O‘zbekiston kubogining ilk kunida erkaklar -60, xotin-qizlar -49 kilogramm vazn toifasidagi sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qiladi.
Musobaqalar 15-sentabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA