Yaponiya sarmoyasi ishtirokida istiqbolli loyihalar
Qurilish sohasida katta tajribaga ega bo‘lgan Yaponiyaning “Kabushiki Kaisha IMI Corporation” kompaniyasi bosh direktori Ikeda Masato hamda kunchiqar o‘lkaga xorijlik mutaxassis va ishchilarni jalb qiluvchi “Ajibiz Recruiting” kompaniyasi rahbari Taku Xiyane boshchiligidagi delegatsiya Namangan viloyatida bo‘ldi.
Sharqiy osiyolik mehmonlar hamda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov o‘rtasidagi uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, investitsiyalarni jalb etish va kadrlar tayyorlash sohasida qator istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.

Jumladan, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini Yaponiyada ish bilan ta’minlash mexanizmlari joriy etiladi. Bu mahalliy kadrlarni xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh qiladi. Kunchiqar yurt tajribasi asosida yangi turdagi kasbiy o‘quv maskanlari ochiladi. Unda yuqori malakali kadrlar tayyorlanib, bitiruvchilar chet elda ish bilan ta’minlanadi.
Muloqot yakunida, loyihalarni qo‘llab-quvvatlanib, ularni amalga oshirish jarayonida amaliy yordam ko‘rsatilishi ta’kidlandi. Qolaversa, hududda xorijiy investorlar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilishi alohida qayd etildi.

Ushbu tashabbuslar nafaqat investitsiya muhitini yaxshilash, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlash va ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.