Nafosat va mahorat bahslarida iqtidorlarini namoyon etishdi
Sirdaryo viloyatida yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning jismoniy kamoloti va iqtidorini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilayotgan “Yangi O‘zbekiston – Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalari dasturi doirasidagi “Viloyat hokimi olimpiadasi”ning badiiy gimnastika bo‘yicha bahslari yuqori saviyada tashkil etildi.
Viloyat Gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida bo‘lib o‘tgan musobaqada shahar va tumanlardan saralab olingan iqtidorli yosh gimnastikachilar ishtirok etishib, o‘z mahoratlari va tayyorgarliklarini namoyon qilishdi. Bellashuvlar davomida ishtirokchilar badiiy gimnastikaga xos nafosat, harakatlar aniqligi hamda murakkab texnik elementlarni yuqori darajada ijro etish borasidagi mahoratlarini ko‘rsatishdi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslarda har bir ishtirokchi g‘alaba uchun astoydil kurashdi. Yosh sportchilar jismoniy tayyorgarligi, sahna madaniyati va ijodiy yondashuvi bilan ajralib turdi. Texnik jihatdan murakkab mashqlarning mahorat bilan bajarilishi, chiqishlardagi nafislik va harakatlar uyg‘unligi musobaqaga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. Bu esa mazkur bellashuvlarning nafaqat sport, balki estetik tarbiya nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega ekanini yana bir bor namoyon qildi. Eng muhimi, yosh gimnastikachilarning chiqishlari hakamlar hay’ati bilan bir qatorda tomoshabinlarda ham katta qiziqish va hayrat uyg‘otdi.
[gallery-29770]
Musobaqa davomida har bir jamoa g‘alaba uchun astoydil harakat qildi. Bellashuvlar yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, jamoaviy bahslarda viloyat Gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Xovos tumani sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi vakillariga nasib etgan bo‘lsa, Yangiyer shahar sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi o‘quvchilari faxrli uchinchi o‘rinni egallashdi. Shuningdek, yakkalik bahslarida ham g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Tadbir so‘nggida g‘olib va sovrindorlar musobaqa tashkilotchilari tomonidan diplomlar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Bir qarashda bu oddiy sport musobaqasidek tuyulishi mumkin. Aslida esa bunday bellashuvlar kelajak chempionlarini kashf etish, yoshlarning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash va ularni yuksak maqsadlar sari ruhlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Balki bugun gimnastika maydonida mahorati bilan e’tibor qozongan qizlar orasida ertangi kunning xalqaro musobaqalar g‘oliblari, jahon chempionatlari ishtirokchilari va Olimpiya o‘yinlari sovrindorlari ham bordir. Buni esa vaqt va ularning kelgusi yutuqlari ko‘rsatadi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA