Abduqodir Husanovning transfer qiymati 50 million yevroga yetdi
Angliya Premer-ligasida to‘p surayotgan futbolchilarning transfer qiymatlari yangilandi. Unda O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Manchester Siti” klubi himoyachisi Abduqodir Husanovning transfer narxi sezilarli darajada oshdi.
“Transfermarkt” portalining ma’lumotlariga ko‘ra, 21 yoshli futbolchining transfer qiymati 35 million yevrodan 50 million yevroga ko‘tarildi. Shu tariqa, uning bahosi 15 million yevro yoki qariyb 43 foizga qimmatladi. Bu avvalgi qiymatiga nisbatan 1,4 barobar o‘sishni anglatadi.

O‘zbekistonlik himoyachining narxi so‘nggi mavsumdagi barqaror o‘yini va «Manchester Siti» safidagi ishonchli harakatlari ortidan oshdi. Yangi qiymat bilan Abduqodir Husanov ayni paytda Osiyoning eng qimmat futbolchisi bo‘lib turibdi.
Ma’lumot uchun, Abduqodir Husanov hozirda O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Milliy terma jamoamiz Nyu-York shahrida 8-iyun kuni Niderlandiya milliy terma jamoasiga qarshi ikkinchi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA