Mahalliy byudjetlar boshqaruvida o‘zgarishlar kutilmoqda
Mamlakatimizda hududlarning moliyaviy mustaqilligini kengaytirish, mahalliy byudjetlarni boshqarish samaradorligini oshirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, byudjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish imkonini bermoqda.
Parlament quyi palatasi majlisida mahalliy byudjetlarni boshqarishda tezkorlikni ta’minlash va mustaqillikni oshirish hamda byudjet jarayonining samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, mahalliy byudjetlarning birinchi va ikkinchi guruh xarajatlari, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalarini sotib olish uchun byudjetdan ajratilgan mablag‘larni ko‘paytirish yoki kamaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar faqatgina Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshirib kelinadi. Bu esa byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanishda qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda.
Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksiga o‘zgartirish kiritilib, yuqorida qayd etilgan muammo, ya’ni mazkur xarajatlar bo‘yicha o‘zgartirishlarda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishish amaliyoti bekor qilinmoqda.
Birinchi guruh xarajatlari — ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar bilan bog‘liq xarajatlar, ikkinchi guruh xarajatlari esa ish haqidan ajratmalar, ya’ni ijtimoiy soliqni nazarda tutuvchi xarajatlar, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalarini sotib olish uchun rejalashtirilgan mablag‘larni ko‘paytirish yoki kamaytirish Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilmasdan, bevosita Qoraqalpog‘iston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladigan bo‘lyapti.
Ushbu normalar mahalliy byudjetlarni boshqarishda tezkorlik va samaradorlikni ta’minlaydi hamda byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanish imkonini kengaytiradi.
M.Komilova, O‘zA