Mahallalar obod bo‘lmoqda
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Zarbdor qirq kunlik” doirasida mahallalarni obodonlashtirish va aholi uchun munosib yashash sharoitini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu jarayonda Marg‘ilon shahrining ilgari og‘ir toifada bo‘lgan Zuhro mahallasida ham keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, hududning qiyofasi yangilanmoqda.
Zuhro mahallasiga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish, “Obod mahalla” mezonlarini joriy etish ishlari davom ettirilmoqda. Jumladan, 45 ta ko‘p qavatli uylarda o‘zboshimchalik bilan qurilgan 52 ta qurilmaning barchasida to‘liq demontaj ishlari amalga oshirildi. Mavjud 45 ta ko‘p qavatli uylarning 32 tasida fasad qismini ta’mirlash ishlari yakunlandi. “Yashil hududlar” tashkil etish uchun 1 ta sug‘orish qudug‘i qazildi va 6,5 km sug‘orish tarmog‘idan 6 km qismida tarmoq qurish yakunlandi. Hududda mavjud 1,6 km ariq betonlashtirildi. 3 ta bolalar va sport maydonchasi qurildi hamda “workout”larni o‘rnatish ishlari yakuniga yetkazildi. Mahalla hududidagi “Mehnat” o‘yingohini rekonstruksiya qilish, yo‘lakka asfalt yotqizish, 5 va 23-sonli maktablarning tashqi qismini ta’mirlash, Zuhro ko‘chasi va ko‘p qavatli uylar oldiga asfalt yotqizish ishlari davom etmoqda.

– Davlat rahbarimizga rahmat, Nuroniylar maskani qurildi. Unda mahallamiz keksalari miriqib dam olmoqda. BOOK CAFE, kutubxona barpo etildi. Kutubxonamiz yoshlar bilan hamisha gavjum, – deydi MFY raisi Barnoxon Soliyeva.

Zarbdor qirq kunlik doirasidagi ishlarni boshlashdan avval mahalla yettiligi reja tuzdi.
– Avval barcha hududlarni ko‘zdan kechirdik, so‘ng aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish dasturini tuzdik, – dedi Barnoxon Soliyeva. – 45 ta ko‘p qavatli uylar yo‘lagi, yo‘llar atrofiga gul va ko‘chatlar ekdik.
Mahallada 6766 nafar aholi yashaydi. Shahar hokimi Elbek Rustamov bu yerga tez-tez kelib turadi, aholi bilan maslahatlashib ish tutadi.

– Obodlik ko‘ngildan boshlanadi. Shuning uchun aholi bilan muloqotning turli shakllarini tashkil etdik, – dedi MFY raisi. – Mahallamizda shukronalik tadbirlari o‘tkazish odatga aylandi. Bugun Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan navbatdagi shukronalik kechasini tashkil qilganmiz.
Zuhro Marg‘ilondagi 50 ta mahallaning biri. Bu kabi ishlar ularning barchasida davom etyapti.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/WriTl0-K2lU" title="Mahallalarda obod bo`lmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov, O‘zA