Formali kiyim-boshdan noqonuniy foydalanganlarga jarima solinadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga davlat tuzilmalari xodimlarining formali kiyim-boshidan qonunga xilof ravishda foydalanish holatlarining oldini olishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
— Davlat organlari, vazirlik va idoralar xodimlari uchun joriy etilgan formali kiyim-bosh uning muayyan davlat organi vakili ekanini anglatadi, fuqarolarda ishonch uyg‘otadi, — dedi deputat S.Azimov. — Bunday formali kiyim-bosh davlat xizmatining muhim timsollaridan biri hisoblanadi.
Afsuski, keyingi yillarda ayrim tashkilotlar, idoralar, hatto ayrim fuqarolar tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan formali kiyim-boshga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash kiyim-boshlardan foydalanish yoki ayrim tashkilotlar tomonidan o‘z xodimlari uchun shunday kiyim-boshlarni joriy etish holatlari kuzatilmoqda. Bunday o‘xshash kiyimlardan foydalanish fuqarolarni chalg‘itishi, davlat organlari obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatishi hamda ayrim shaxslarga o‘zini davlat organi xodimi sifatida ko‘rsatib, odamlar ishonchini suiiste’mol qilish, hatto jinoyatlar sodir etish imkoniyatini yaratishi mumkin.
Shu bois, mazkur qonun loyihasi bilan davlat organlarining tasdiqlangan harbiy yoki idoraviy formali kiyim-boshiga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash hamda unga xos farqlovchi belgilar va (yoki) ramzlarga ega formali kiyim-boshni joriy etganlik yoki undan foydalanganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Ya’ni, formali kiyim-boshning o‘zi musodara qilinadi hamda bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha jarima solinadi, — dedi deputat.
Ta’kidlanganidek, belgilanayotgan normalar formali kiyim-boshlardan noqonuniy foydalanishning va turli huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, davlat organlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, davlat xizmati obro‘sini himoya qilish hamda formali kiyim-boshlardan noqonuniy va g‘arazli maqsadlarda foydalanishning oldini olishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA