“Mahalla – maktab – sport muassasasi – federatsiya” zanjiri asosida yangicha yondashuv joriy qilinadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
“Mahalla – maktab – sport muassasasi – federatsiya” zanjiri asosida aholini sportga jalb qilish va seleksiya bo‘yicha yangicha yondashuv joriy qilinadi.
Oliygoh rektori, federatsiya rahbarlari va hokimlar o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Bunda hokimlar hududidagi maktab, texnikum va boshqa sport ob’ektlarida darsdan tashqari vaqtda sport to‘garaklari tashkil qilish uchun sharoit yaratadi.
Mutasaddilarga 9 mingta mahallani 26 ta federatsiya rahbarlariga bog‘lab, maktablardagi to‘garaklarni zarur sport anjomlari bilan jihozlash topshirildi.
Sport yo‘nalishidagi oliygohlar 2- va 3-kurs talabalarining yarmini, 4-kursdagilarning esa barchasini dual ta’lim bilan qamrab olib, murabbiylik qilish uchun to‘garaklarga yuborish muhim ekani qayd etildi. Bunday talabalarga avtomatik ravishda murabbiylik sertifikati beriladi.
Talabalar haftada uch kun oliygohda o‘qisa, qolgan kunlarda o‘zi biriktirilgan maktablardagi to‘garakka borib, yoshlarni shug‘ullantiradi. Sport to‘garaklaridagi tushumning 50 foizi murabbiy talabaning o‘ziga beriladi.
Shuningdek, dual ta’lim bitiruvchilariga diplom bilan birga hakamlik sertifikatini berish ham yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zA