O‘zbekiston – Chexiya: sanoat kooperatsiyasi va innovatsion kelajak sari dadil qadam tashlandi
Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babish 29-30-aprel kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi.
Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosatida ochiqlik, o‘zaro manfaatli hamkorlik va faol diplomatiya tamoyillari ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalqaro maydonda ishonchli va istiqbolli sherik sifatida yurtimizning mavqeini yanada mustahkamlamoqda.
Bu borada Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, xususan, Chexiya Respublikasi bilan aloqalarni mustahkamlash ikki tomon uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Ko‘ksaroy qarorgohida 30-aprel kuni Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babishni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Qarorgoh oldidagi maydonda faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, uni shohsupaga taklif qildi.
Harbiy orkestr ijrosida O‘zbekiston va Chexiya davlat madhiyalari yangradi. Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.
Shundan so‘ng Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babishning tor doirada va ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston bilan Chexiya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning joriy holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida mamlakatimiz yetakchisi ushbu tashrif O‘zbekiston – Chexiya munosabatlari tarixida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab berishini alohida ta’kidladi.
Barcha sohalarda hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Hukumatlar, vazirliklar va idoralar darajasida yaqin aloqalar o‘rnatildi, ishbilarmonlik va gumanitar almashinuvlar faollashdi.
Parlamentlarda “Do‘stlik guruhlari” tashkil etilgan. Hukumatlararo komissiya samarali ishlamoqda.
Keyingi yillarda tovar ayirboshlash qariyb ikki barobarga oshdi. Mamlakatimizda Chexiya kapitali ishtirokida 37 ta qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Bir qator yangi kooperatsiya yo‘nalishlari bo‘yicha ish olib borilmoqda.
O‘zaro savdo hajmini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Tovar ayirboshlashni, shu jumladan, mahsulot turlarini kengaytirish orqali 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Birgalikdagi savdoni rag‘batlantirish maqsadida Chexiyada O‘zbekistonning birinchi sertifikatlash filiali tashkil etilmoqda. Chexiyalik hamkorlar bilan “Yevro-6” standartidagi avtomobillarni sertifikatlash va kvant etaloni bo‘yicha zamonaviy laboratoriya qurilmoqda.
Chexiyaning yetakchi kompaniyalari bilan mashinasozlik, “yashil” energiya, geologiya va muhim xomashyo, kimyo, farmatsevtika hamda boshqa sohalarda loyihalarni amalga oshirishni o‘z ichiga olgan Texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, infratuzilmani rivojlantirish va “aqlli” shaharlar yaratish, muhandislik ishi va raqamlashtirish sohalarida kooperatsiya uchun mavjud istiqbollar qayd etildi.
Xususan, kuni kecha bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Chexiya biznes forumida e’lon qilingan loyihaviy tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi.
Tomonlar Eksport kreditlarini sug‘urtalash agentligi va Chexiya Eksport bankining O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash niyatini olqishladilar.
Iqtisodiy kun tartibidagi barcha masalalarni ilgari surish uchun Ishbilarmonlar kengashini tuzish va Hukumatlararo komissiyaning keyingi yig‘ilishini shu yil avgust oyida Toshkentda o‘tkazish taklif qilindi.
Madaniy-gumanitar sohada, shu jumladan, qo‘shma diplom dasturlari doirasida ta’lim va akademik almashinuvni kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani tasdiqlandi.
O‘zaro madaniyat va kino kunlari, ko‘rgazma hamda konsertlarni muntazam ravishda o‘tkazish, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasida sayyohlar oqimini ko‘paytirish muhimligi ta’kidlandi.
Shu maqsadda ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareysni qayta tiklash masalasi ko‘rib chiqiladi.
Tartibli mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.
Yakunda qabul qilingan qarorlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib olindi.
Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babish Kengaytirilgan hamkorlikni ilgari surish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar.

Shuningdek, iqtisodiyot, sanoat, ilmiy va texnologik hamkorlik, diplomatik kadrlarni tayyorlash, metrologiya laboratoriyasini birgalikda loyihalashtirish hamda tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash, metrologiya sohasidagi ilmiy-innovatsion hamkorlik, geologiya sohasidagi hamkorlik, elektropoyezdlarni yetkazib berish to‘g‘risida va boshqa ikki tomonlama kelishuvlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston – Chexiya oliy darajadagi muzokaralarining yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babish Faxriy mehmonlar xiyobonida birgalikda daraxt ekdilar.

Marosim ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuv mustahkamlanib borayotgani, O‘zbekiston – Chexiya ko‘p qirrali munosabatlarini rivojlantirishda yangi bosqich boshlanganining ramzi bo‘ldi.
Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babishning yurtimizga rasmiy tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar tarixida yangi sahifa ochadi. Mazkur tashrif O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari nafaqat madaniy-gumanitar sohada, balki yuqori texnologiyalarga asoslangan iqtisodiy kooperatsiya darajasiga ko‘tarilganidan dalolat beradi. Ikki davlat yetkachilarining tashabbuslari bugungi kunda ko‘p qirrali hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy natijalar bera boshladi.
Mamlakatimizning xalqaro maydondagi ochiqlik siyosati Chexiya ishbilarmon doiralari uchun O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi eng jozibador investitsiya markazi sifatida namoyon etmoqda. Mashinasozlik, “yashil” energetika, farmatsevtika va raqamlashtirish kabi sohalardagi hamkorlik iqtisodiy ko‘rsatkichlarni oshiradi. Shuningdek, ikki mamlakatning texnologik salohiyatini birlashtirishga ham xizmat qiladi.
Mazkur yangi bosqichdagi sheriklik xalqlarimizning farovonligi yo‘lida xizmat qiluvchi bardavom va samarali loyihalar uchun mustahkam poydevor bo‘lib qoladi.
Shu bilan Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babishning mamlakatimizga rasmiy tashrifi yakunlandi.

Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbirlari