Chexiya Bosh vaziri: “O‘zbekistonga kelganimdan mamnunman – ajoyib mamlakat, yaxshi insonlar” (+video)
Eksklyuziv intervyu
Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babish 29-30-aprel kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi.
Oliy martabali mehmon samarali muzokaralarga boy bo‘lgan tashrif yakunida yakunida jurnalistlarga intervyu berdi.
– Chexiya kompaniyalari O‘zbekiston bilan qo‘shma korxonalar tashkil etishdan juda manfaatdor, – dedi Chexiya Bosh vaziri. – O‘ylaymanki, bu samarali hamkorlikning boshlanishi. O‘zbekistonga ilgariroq kela olmaganimdan juda afsusdaman. Bilasizmi, men birinchi marta 2019-yilda Bosh vazir bo‘lgan edim, ammo ikki yil davom etgan COVID sababli vaqt yo‘qotdik, lekin mana yana hamkorlikni mustahkamlab, natijali ishlarni davom ettirishga kirishdik.
Biz, albatta, rivojlanish yo‘lida hamkorlikka tayyormiz. Prezidentingizning barcha maqsad va salohiyati aks etgan, hamkorlik yo‘nalishlari tasvirlangan kitobini o‘qib chiqdik.
O‘zbekistonga kelganimdan, yurtingizda bo‘lganimdan mamnunman – ajoyib mamlakat, yaxshi insonlar. Men uchun bu muvaffaqiyatli tashrif bo‘ldi. Yurtingizda hayratlanarli o‘sish sur’atlari kuzatilmoqda. Tashqi qarz miqdori pastligi va zaxiralaringizni ko‘pligi ijobiy o‘sishlarga sabab bo‘ladi. Mamlakatingiz o‘z kompaniyalarini xomashyodan qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotga aylantirishga undayapti. Bu samarali strategiyadir.
Andrey Babish tashrif doirasidagi muloqotlar o‘zaro ishonch ruhida o‘tganini ta’kidladi. Erishilgan kelishuvlar ikki davlat iqtisodiy aloqalarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishini alohida e’tirof etdi. Yurtimizning boy madaniy merosi va zamonaviy taraqqiyot sur’atlari unda katta taassurot qoldirganini ta’kidladi. O‘zbek xalqiga xos bo‘lgan samimiy mehmondo‘stlik va ko‘rsatilgan yuksak ehtirom uchun chuqur minnatdorligini bildirdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/5aGAypmuZm4" title="Chexiya Bosh vaziri: “O`zbekistonga kelganimdan mamnunman — ajoyib mamlakat, yaxshi insonlar”" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Abdulaziz RUSTAMOV, Nosirjon HAYDAROV (surat), Yoqubjon MELIBAEV (video), O‘zA