Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga qaratilgan muhim o‘zgarishlar
Joriy yil 22-iyun kuni qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida"gi qonun bilan korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga qaratilgan muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi.Toshkent davlat yuridik universiteti Huquq va texnologiyalar sho‘’basi o‘qituvchisi Abdulaziz Abdurazzoqov mazkur qonun yuzasidan to‘liq tushuncha berdi:
–Birinchidan, Jinoyat kodeksining sakkizinchi bo‘limi “korrupsiyaga oid jinoyatlar” atamasi bilan to‘ldirildi hamda Korrupsiyaga oid jinoyatlar ro‘yxati ilk bor qonun darajasida aniq belgilandi. Mazkur ro‘yxatga, jumladan, 167-modda uchinchi qismining “d” bandi, 168-modda to‘rtinchi qismining “g” bandi, 192⁹, 192¹⁰, 192¹¹-moddasi ikkinchi qismining “v” bandi, 205-moddasi ikkinchi qismining “v” bandi, 206-moddasi ikkinchi qismining “v” bandi, 208-moddasining ikkinchi qismi, 209-moddasi ikkinchi qismining “v” bandi, 210, 211, 212, 213, 214, 214¹, 214² hamda 301-moddasi ikkinchi qismining “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlar kiritildi.
Shuningdek, 243-modda bo‘yicha jinoiy daromadlarni legallashtirish korrupsiyaga oid jinoyatlardan olingan mablag‘lar bilan bog‘liq bo‘lsa, u ham korrupsiyaga oid jinoyat sifatida e’tirof etilishi belgilandi.
Ikkinchidan, Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish)ga mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li bilan hamda kompyuter texnikasi vositalaridan foydalanib sodir etilgan qilmishlar alohida kvalifikatsiyali belgilar sifatida kiritildi.
Uchinchidan, 168-modda (firibgarlik)ga axborot tizimidan, shu jumladan axborot texnologiyalaridan foydalanib, shuningdek xizmat mavqeidan foydalanib sodir etilgan firibgarlik alohida og‘irlashtiruvchi holat sifatida kiritildi.
To‘rtinchidan, 208-modda (hokimiyat harakatsizligi) g‘arazgo‘ylik niyatlarida sodir etilgan qilmish uchun alohida javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi ikkinchi qism bilan to‘ldirildi.
Beshinchidan, 192¹⁰, 213- va 214-moddalar sanksiyalari kuchaytirilib, axloq tuzatish ishlariga qo‘shimcha ravishda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish jazolari ham nazarda tutildi.
Oltinchidan, Jinoyat-protsessual kodeksining 270-moddasi korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish uchun xavfsizlik choralarini qo‘llash asoslari va tartibi qonun bilan belgilanishi haqidagi norma bilan to‘ldirildi.
Yettinchidan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 175⁸-moddasi davlat xaridi predmetining boshlang‘ich narxini o‘rtacha bozor narxiga nisbatan belgilangan eng ko‘p tafovut talabini buzgan mansabdor shaxslar uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi qismlar bilan to‘ldirildi.
Sakkizinchidan, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunga yoshlar orasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida kiritildi.
To‘qqizinchidan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar bilan O‘zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy kengashining maqomi va faoliyati takomillashtirildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining vakolatlari kengaytirildi. Davlat organlari, tashkilotlari va davlat ishtirokidagi korxonalarning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari qonuniy darajada mustahkamlandi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA