Tadbirkorlar murojaatlari asosida aniq vazifalar belgilandi
Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlarning faoliyatida uchrayotgan muammolarni joyida o‘rganish hamda ularni tezkor hal etish maqsadida Energetika vazirligi tomonidan hududlarda ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda.
Ana shunday uchrashuvlardan biri bugun Xorazm viloyatida bo‘lib o‘tdi. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Xorazm hududiy filialida tashkil etilgan ochiq muloqot energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Umid Mamadaminov rahbarligida o‘tkazildi.
Unda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Xorazm hududiy filiali, “Hududgaz Xorazm” gaz ta’minoti filiali, Biznes-ombudsmanning Xorazm viloyati hududiy sho‘basi, Savdo-sanoat palatasining Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi hamda boshqa tegishli idoralar rahbarlari, shuningdek, kichik va o‘rta biznes vakillari ishtirok etdi.
Muloqot davomida tadbirkorlar tomonidan elektr va gaz ta’minotini yanada yaxshilash, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, elektr tarmoqlariga ulanish jarayonlarini soddalashtirish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish va sohaga oid boshqa dolzarb masalalar yuzasidan taklif hamda murojaatlar bildirildi.
Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Umid Mamadaminov tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilish, ularning fikr va takliflarini eshitish sohani yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
– Davlatimiz rahbari tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada energetika tarmog‘ining barqaror ishlashi, elektr va gaz ta’minoti bilan bog‘liq masalalarni o‘z vaqtida hal etish muhim vazifalardan hisoblanadi. Shuning uchun har bir murojaatni chuqur o‘rganib, amaliy yechimlar ishlab chiqish va ijrosini ta’minlash ustuvor vazifamizdir. Bugungi muloqotda bildirilgan har bir taklif va muammo mas’ullar tomonidan nazoratga olinadi, – dedi U. Mamadaminov.
Uchrashuv davomida har bir murojaat tegishli mutasaddilar ishtirokida atroflicha muhokama qilinib, ularni hal etish bo‘yicha mas’ullar biriktirildi. Shuningdek, har bir masala ijrosini ta’minlash yuzasidan aniq vazifalar va muddatlar belgilab olindi.
Ta’kidlash joizki, bunday ochiq muloqotlar tadbirkorlarni qiynayotgan masalalarni joyida hal etish, davlat organlari va biznes vakillari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, hududlarda qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish hamda yangi investitsiya loyihalarini samarali amalga oshirishga xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA