Nodira Zokirova: “Muvaffaqiyat qozonish o‘z qo‘limizda”
Har bir dengizning o‘ziga xos to‘lqini bo‘lganidek, har bir millatning ham o‘z ma’naviy ranggi, ohanggi bor. Bu uning adabiyotida, san’atida aks etadi. Xususan, jurnalistika ham ijod, adabiyotning ajralmas qismi sanaladi.
Shu kunlarda yurtimiz bo‘ylab Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni keng nishonlanmoqda. Jamiyatdagi o‘zgarishlar va davlat siyosatining mohiyatini xalqqa yetkazishda matbuotning o‘rni esa beqiyos. Shu munosabat bilan Prezidentimizning soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risidagi farmoni qabul qilindi. Taqdirlanganlar orasida O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati qoshidagi “Bir safda” jurnali muharriri Nodira Zokirova ham bor.
– Nodira opa, “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganingizni eshitganingizda nimalarni his qildingiz, kechinmalaringiz bilan bo‘lishsangiz.
– 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh soha xodimlari, shu jumladan, men ham Prezidentimiz farmoni bilan taqdirlandim. Buning uchun avvalo, jamoamizga minnatdorlik bildiraman. Chunki aynan ular mening nomzodimni ilgari surishgan. Bu mukofot shuning uchun ham butun jamoaniki. Rostini aytsam, men bunday e’tibor va e’tirofni kutmagandim. Ammo bu meni juda ham quvontirdi. Negaki, ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, brayl alifbosida chop etilgani bois, bizning nashr haqida ko‘pchilik ma’lumotga ega bo‘lmasligi mumkin. Shu ma’noda bu, jurnalimiz nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi deb o‘ylayman. Bizning jamoa – jurnalimiz nomiga xos bir safda, qo‘lni-qo‘lga berib mehnat qiladigan jamoa.
– Mazkur jurnalda qancha vaqtdan beri faoliyat yuritib kelyapsiz?
– Avvalo, shuni aytib o‘tishim kerakki, men ushbu jurnalni bolaligimdan sevib mutolaa qilaman. Kutubxonalardan eng ko‘p so‘raydigan jurnalim ham aynan “Bir safda” bo‘lgan. Shuning uchunmi, talabalik yillarimdanoq jurnal sahifalarida maqolalarim bilan ko‘rinib turardim. Biroq qachondir o‘zim ham bu sevimli jurnalimda ishlayman deb o‘ylamaganman. Biroq hali talaba paytimdanoq mehnat faoliyatimni boshlaganman. Ya’ni 1998-yildan buyon mazkur jurnalda mehnat qilib kelmoqdaman.
– Sir emaski, yaqin yillargacha ko‘zi ojizlarga, umuman, jismonan imkoniyati cheklanganlarga bo‘lgan e’tibor haminqadar edi. Biroq Yangi O‘zbekistonning inson qadri tamoyiliga tayangan siyosatida bu barham topdi. Endilikda Prezident imzolayotgan har bir hujjatda imkoniyati cheklanganlarning taqdiri ijobiy yechimini aks ettirmoqda. Nodira opa, bilamizki, ilgari ko‘zi ojizlarning davlat mukofoti olishi deyarli kuzatilmaydigan, olamshumul hodisa sifatida qaralgan. Biroq so‘nggi yillarda har bir bayram munosabati bilan mukofotlanganlar orasida nogironlar, xususan, ko‘zi ojizlar soni ham ortib bormoqda. Sizning-cha, buning negizida nima yotadi?
– Bilasizmi, bu chuqur mulohaza bilan javob beriladigan savol. Avvalo, bunday natijalar o‘z-o‘zidan emas. So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan nogironlarning nafaqat ijtimoiy himoyasiga, balki sifatli ta’lim olishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ularning jamiyatda munosib o‘rin topishlari yo‘lidagi islohotlar natijasida ko‘plab imkoniyati cheklanganlar mehnat bozoriga faol kirib kelmoqda. Bildirilayotgan ishonch va yaratilayotgan imkoniyatlar albatta, natija bermay qolmaydi. O‘ylashimcha, ana shunday islohotlar samarasi o‘laroq, bizning mehnatimiz ham e’tirof etilmoqda.
Hozir shunday zamonki, muvaffaqiyat qozonish o‘z qo‘limizda. Endi bizdan talab etiladigan yagona narsa mazkur e’tibor va e’tirofga munosib bo‘lishdir. Agar biz shunga intilmasak, o‘z kelajagimiz ildiziga o‘zimiz bolta urgan bo‘lamiz. Masalan, menda mukofotlanganimdan keyin mas’uliyat hissi yanada kuchaydi. Chunki bu ishonch. U esa oqlanishi lozim.
P/S: Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotini keng yoritishda faol bo‘lgan Nodira Zokirova kabi ko‘zi ojiz jurnalistlar yurtimizda talaygina. Ular ham millat taqdirini o‘z taqdirlari bilan bog‘lab yashamoqda. Quvonarlisi, bunday matonat va jasorat esa hamisha davlatimiz rahbari e’tiborida.
O‘zA muxbiri Sherbek Islomov suhbatlashdi.