Intilganga tole yor
Ustoz, o‘qituvchi haqida so‘z ketganida shuurimizda beixtiyor kasbiga fidoyi, halol, kamtar, barchamiz uchun aziz va mehribon insonlar gavdalanadi. Ularning borligi, yonimizda ekanligidan quvonamiz, qalblarimizda esa faxr-iftixor, minnatdorlik tuyg‘ulari jo‘sh uradi.
Darhaqiqat, ustozlar halol va kamtarona mehnati, olib borayotgan xayrli va ezgu ishlari bilan barchaga ibrat bo‘ladi. Ular o‘z zimmasidagi vazifani ado etishga nafaqat bilimi, salohiyati, balki qalb qo‘rini, mehrini baxshida etadi. Kasbiga bo‘lgan sadoqati, fidoiyligi tufayli el-yurt orasida hurmat-e’tibor topadi.
Andijon davlat tibbiyot institutining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori, gospital terapiya va endokrinologiya kafedrasi dotsenti, tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori Gulhayo Xolmatova ana shunday hurmat va e’tiborga sazovor yosh pedagoglardan.
Xalqimizda “Intilganga tole yor” degan naql bejiz aytilmagan. Bunga yosh bo‘lsa-da, intilishi, izlanishi, o‘z ustida tinimsiz ishlashi, mehnatsevarligi bilan ko‘plab yutuqlarga erishayotgan yosh olima Gulhayo Xolmatovaning faoliyati yorqin misol bo‘la oladi.
U 2013-yilda Andijon davlat tibbiyot institutining bakalavr yo‘nalishini, 2016-yilda esa Toshkent tibbiyot akademiyasi magistraturasini tamomlagan.
[gallery-31686]
Gulhayo talabalik davridan “Bolalarda skolioz kasalligi va uning oldini olish” mavzusida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi. Ilmiy izlanishlari doirasida “Skolioz xastaligi” nomli o‘quv qo‘llanma tayyorlab, chop ettirdi. Skolioz kasalligining oldini olish uchun maktab o‘quvchilariga mo‘ljallangan yangi turdagi parta modelini ishlab chiqib, “Ratsionalizatorlik takliflar va ixtirolar” respublika tanlovida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, talabalik yillarida “Yilning eng yaxshi talabasi” unvoni, Ibn Sino nomli davlat stipendiyasi sohibi bo‘ldi.
Yosh olima ilmiy izlanishlar yo‘nalishida “Qandli diabet 2 tur bemorlarda osteoporoz xavf omillari” mavzusida magistrlik ishini yoqlagan. 2023-yilda esa “Sil bilan birga kechgan qandli diabet 2 tur bemorlarda vitamin D va B12 gomeostazining ahamiyati” mavzusida PhD dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
Institutdagi pedagogik faoliyati davomida doimiy izlandi, o‘z ustida tinimsiz ishladi, o‘qidi, o‘rgandi. Ish jarayonida noan’anaviy usullar, ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida dars o‘tishga alohida e’tibor qaratdi. Darslarni ijodiy o‘tish borasidagi ilg‘or ish uslublaridan keng foydalandi. O‘zining tashkilotchilik, tashabbuskorlik, ijodkorlik salohiyatlarini yuzaga chiqardi. Natijada ijodkor va fidoiy o‘qituvchi sifatida e’tibor topdi.
Gulhayo Xolmatova AQSHning nufuzli xalqaro tibbiyot ilmiy jurnallaridan biri “The American Journal of Medical Sciences and Pharmaceutical Research” hamda Germaniyaning “Butunjahon sog‘liqni saqlash byulleteni” (Journal impact factor) xalqaro jurnalining tahrir hay’ati a’zosidir.
O‘zbekiston xotin-qizlari “Olima” uyushmasi, YUNESKOning Toshkentdagi vakolatxonasi hamkorligida “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda xotin-qizlarning roli” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda uning “Qandli diabet 2 turi hamda sil xastaligi bilan og‘rigan bemorlarning klinik-demografik va rentgenologik xususiyatlari” mavzusidagi ma’ruzasi anjumanning “Eng yaxshi ma’ruzasi” nominatsiyasi g‘olibi deb topildi.
– Bilimli, raqobatbardosh, malakali va yuqori salohiyatli shifokor kadrlarni tarbiyalash institut pedagoglari zimmasidagi eng muhim vazifadir, – deydi Gulhayo Xolmatova. – Ana shu vazifani bugungi kun talabi darajasida ado etish uchun har bir pedagog tashabbuskor, o‘z ishining fidoyisi bo‘lishi kerak.
2024-yilda Turkiya Respublikasining Istanbul shahridagi Bashkent universitetida malaka oshirib qaytgan yosh olima talabalar, klinik ordinator, magistr va shifokorlar uchun ilg‘or xorijiy tajribalar, ularni amaliyotga tatbiq etish va samarali foydalanish bo‘yicha ma’ruzalar o‘qimoqda, mahorat darslari o‘tib kelmoqda.
O‘tgan yili esa Gulhayo O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan tashkil etilgan “Rahbar ayollar maktabi”ning maxsus o‘quv dasturini muvaffaqiyatli tamomlab, boshqaruvga oid bilim, amaliy ko‘nikma va malakalarini ham oshirdi.
Gulhayo Xolmatova 2023-yilda “Islohotlar bilimdoni” tanlovining respublika bosqichida “Eng faol xotin-qizlar maslahat kengashi raisi” nominatsiyasida 1-o‘rinni egalladi. “Yil ayoli” milliy tanlovining viloyat bosqichida “Yilning eng kuchli ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotchisi” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘ldi.
– Shifokor, pedagog kasbini tanlab kam bo‘lmadim, – deydi Gulhayo. – Ahil va hamjihat jamoada ishlayapman, mehnatlarim e’tirof etilib, hurmat-e’tibor topdim, ishlash uchun barcha imkoniyatlar bor, oilam tinch, farzandlarim bag‘rimda. Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda men kabi yosh olimalarga keng imkoniyatlar eshigi ochib berilgan. Ana shu imkoniyatlardan unumli foydalanib, ko‘plab yutuqlarga, yuqori natijalarga erishdim.
Ha, Gulhayo Xolmatova singari, intiluvchan, faol, fidoyi, tashabbuskor ustoz va murabbiylar bor ekan, ta’lim muassasalarida ta’lim sifati, malakali mutaxassislar tayyorlash ishlari yanada yuqori bosqichga ko‘tariladi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari.