"Study UK Alumni Awards" - yoshlar uchun xalqaro tanlovda ishtirok etish imkoniyati
O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi ta’limiy hamkorlik yildan-yilga kengayib, ikki mamlakat yoshlari va mutaxassislari uchun yangi imkoniyatlarni yaratmoqda. Bu jarayonda Britaniya Kengashining mamlakatimizdagi faoliyati muhim o‘rin tutib, ta’lim, madaniyat va kasbiy rivojlanish yo‘nalishlarida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan poytaxtimizda Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi faoliyatiga 30 yil to‘lishi hamda “Study UK Alumni Awards 2027” tanlovi uchun arizalar qabuli ochilgani munosabati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Britaniya Kengashining mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbariyati, Buyuk Britaniya universitetlarini tamomlagan bitiruvchilar, tanlov g‘oliblari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Maykl Xoulgeyt, direktor o‘rinbosari Jamila G‘ulomova va boshqalar so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikning 30 yillik natijalari, erishilgan yutuqlar va uni yanada rivojlantirish istiqbollari haqida so‘z yuritdi.
Ta’kidlanganidek, "Study UK Alumni Awards" Buyuk Britaniyada tahsil olgan va olgan bilimlarini kasbiy faoliyati, jamoasi hamda jamiyat rivojiga yo‘naltirayotgan bitiruvchilarni e’tirof etishga qaratilgan tanlov hisoblanadi. Mazkur tanlov bu yil 13-marta o‘tkazilmoqda. Tanlov doirasida nomzodlar "Biznes va innovatsiyalar", "Madaniyat, ijodkorlik va sport", "Fan va barqarorlik" hamda "Ijtimoiy faollik" yo‘nalishlari bo‘yicha taqdirlanadi. Arizalar 2026-yil 1-sentabrdan 15-oktabrga qadar qabul qilinadi.

Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi faoliyati 1996-yil oktabr oyida boshlangan. Shu davrdan buyon tashkilot ta’lim, ingliz tili, madaniyat va ijodiy industriyalar sohalarida hamkorlik qilib kelmoqda. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarining xalqaro aloqalarini rivojlantirish, ta’lim va tadqiqot sifatini oshirish hamda hamkorlikni kengaytirishga ko‘maklashadi.
Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Maykl Xoulgeytning ta’kidlashicha, 2026-yilda tashkilotning mamlakatimizdagi faoliyatiga 30 yil to‘ldi. O‘tgan 30 yil davomida Kengash ikki mamlakat o‘rtasida ta’lim va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shib kelmoqda.
– Bugun 30 yillik yubileyimiz munosabati bilan amalga oshirayotgan ishlarimiz haqida gaplashish imkoniyati bo‘ldi. Biz o‘tgan davr mobaynida ta’lim va madaniy hamkorlikni mustahkamlashga hissa qo‘shgan insonlarni e’tirof etib, kelgusida bu hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘llarini muhokama qildik.
Shuningdek, bugun Buyuk Britaniyada tahsil olgan o‘zbekistonlik bitiruvchilarning yutuqlarini e’tirof etishni istadik. Ular O‘zbekistonda iqtisodiyotni rivojlantirish, jamiyat taraqqiyoti va ikki mamlakat munosabatlarini mustahkamlashga katta hissa qo‘shmoqda.

Shu maqsadda jamiyatga turli sohalarda hissa qo‘shayotgan bitiruvchilarni taqdirlashga qaratilgan "Study UK Alumni Awards" mukofotini ta’sis etganmiz. Unda biznes, madaniyat, ijtimoiy faoliyat va ilmiy innovatsiyalar sohalarida yutuqlarga erishayotgan bitiruvchilar e’tirof etiladi, – dedi Maykl Xoulgeyt.
Ma’lum qilinishicha, 2024-2025 o‘quv yilida Buyuk Britaniyada O‘zbekistondan 1 ming 295 nafar talaba tahsil olgan.
2025-yilda Toshkentdagi Vestminster xalqaro universiteti (WIUT) bitiruvchisi Shahboz Ibodullayev "Biznes va innovatsiyalar" nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
– Bugungi kunda investitsion bank ishi, investorlar bilan aloqalar, korporativ moliya va xalqaro savdo sohalarida faoliyat yurityapman. Faoliyatim davomida mamlakatimizdagi moliya institutlari va kompaniyalari bilan mablag‘ jalb qilish, yevroobligatsiyalar chiqarish, IPOga tayyorgarlik, investorlar bilan aloqalar va biznesni rivojlantirish yo‘nalishlarida ishladim.

"Study UK Alumni Awards 2025" tanlovida "Biznes va innovatsiyalar" nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘lganim men uchun muhim e’tirof bo‘ldi. Shuningdek, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo sayyohlari uchun xalqaro viza arizalarini topshirish jarayonini soddalashtirishga qaratilgan "olamvisa" texnologiya platformasini yaratishda ishtirok etyapman. Bu loyiha asosida texnologiya va tadbirkorlik sohalaridagi tajribamni yanada rivojlantirish imkoniga ega bo‘lyapman, – dedi Shahboz Ibodullayev.
Uchrashuvda qayd etilganidek, "Study UK Alumni Awards" Buyuk Britaniyada tahsil olgan bitiruvchilarning kasbiy yutuqlarini e’tirof etish bilan birga, ularning tajribasi va salohiyatini namoyon etish uchun imkoniyat yaratadi. Bu esa O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA