“Bo‘zsuv” inshootiga press-tur: poytaxt aholisiga bir kunda 2 million 300 ming metr kubgacha ichimlik suvi yetkaziladi
“O‘zsuvta’minot” AJ va “Toshkent shahar suv ta’minoti” MCHJ hamkorligida “Suv ta’minoti: kecha, bugun, ertaga” mavzusida “Bo‘zsuv” inshootiga press-tur tashkil etildi.
Press-tur davomida jurnalistlar inshoot faoliyati bilan yaqindan tanishdi. “Bo‘zsuv” mamlakatimizdagi dastlabki inshootlardan biri. U 1932 yilda ishga tushirilgan. Shunda sutkasiga 3,8 ming m³ quvvatda suv yetkazib bergan. Keyinchalik inshoot quvvati oshirib borilgan. Ayni kunda bu inshoot orqali qo‘shimcha ravishda talabga qarab bir sutkada 10 ming m³ dan 30 ming m³ gacha ichimlik suvi yetkazib berilmoqda.
Ayni kunda poytaxt aholisining asosiy qismini “Qodiriya” bosh suv inshooti ichimlik suvi bilan ta’minlaydi. Ushbu inshoot 1969 yilda sutkasiga 225 ming m³ ichimlik suvi yetkazib berish quvvati bilan ishga tushirilgan.
– Hozirgi kunda “Bo‘zsuv” inshooti bir sutkada o‘rtacha 1 million 700 ming metr kub atrofida suvni tozalab, poytaxtimizning 6 ta tumaniga uzatib bermoqda, – deydi “Bo‘zsuv” inshooti boshlig‘i Bekzod Yunusov. – Bulardan tashqari Qibray, Qorasuv, Janubiy yerosti suvi inshootlari ham talabga qarab qo‘shimcha ravishda suv yetkazib beradi. Hozirda poytaxt aholisiga mavsumga qarab bir sutkada 1 million 800 ming kubdan 2 million 300 ming kubgacha ichimlik suvi yetkazib berilmoqda. Bundan tashqari Toshkent shahridan chiqqan oqova suvlari (kanalizatsiya) 3 ta inshoot – “Bo‘zsuv”, “Salar” hamda “Bektemir” oqova suv inshootlarida tozalanib, tabiatga qaytarilmoqda. Ushbu tozalangan oqova suvlaridan qishloq xo‘jaligida foydalanilmoqda.
Mavjud ichimlik hamda oqova suv inshootlarining bir nechtasi so‘nggi yillarda xalqaro moliya tashkilotlarining kreditlari hisobidan rekonstruksiya qilindi.
[gallery-13595]
Ayni kunda suv ta’minoti tizimini raqamlashtirishga e’tibor qaratilmoqda. Xususan, suv tarmoqlari gidrodinamikasi, ya’ni, bosimini nazorat qilish avtomatlashtirildi. Buning uchun Koreyaning “K-water” kompaniyasi bilan amalga oshirilgan qator loyihalar doirasida Chilonzor tumani suv taqsimlash bo‘limida suv tarmoqlarini onlayn nazorat qilish dispetcherlik markazi tashkil etildi.
Bu yerda poytaxt bo‘ylab tortilgan tarmoqlardagi suv bosimi doimiy nazorat qilib boriladi. Buning uchun qariyb 700ga yaqin nuqtadan bosim haqidagi ma’lumotlar markazga onlayn tarzda uzatiladi.
Suv va ko‘rsatilgan oqova suv xizmatlari uchun to‘lovlar hamda u bilan bog‘liq billing ma’lumotlar bazasida iste’molchilar o‘zlariga tegishli bo‘lgan qismini kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Buning uchun https://cabinet.uzsuv.uz/ shaxsiy kabinet platformasi yaratildi.
Press-turda qayd etilishicha, bugungi kunda ichimlik suvi sifatini yanada yaxshilash, raqamlashtirish bilan bog‘liq loyihalar davom ettirilmoqda. Buning uchun xorijiy kompaniyalar bilan yaqin hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda. Xususan, Fransiyaning “SUEZ” kompaniyasi bilan boshlangan hamkorlik aloqalarini ta’kidlash o‘rinli.
Ushbu hamkorlik doirasidagi loyihalar qamrovi keng bo‘lib, ularni hayotga tatbiq etish 7 yil muddatga mo‘ljallangan. Xususan, iste’molchilar suv tarmoqlariga aqlli hisoblagichlar o‘rnatish, xodimlarning malakasini oshirish, suv sifatini yaxshilash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish shular jumlasidan.
Shahnoza Mamaturopova, Murodxon Xo‘jayev (surat), O‘zA