Tozalik va tartib oyligi: mavjud kamchiliklar bartaraf etilmoqda
FOTOREPORTAJ
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida “Tozalik va tartib oyligi” doirasida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Tuman hokimi Farhod Umarov boshchiligidagi mas’ul tashkilotlar vakillari ishtirokida tuman markazidagi Abdulla Qahhor, Abduxoliq G‘ijduvoniy va Pomoza mahallalari hududidan o‘tuvchi markaziy yo‘l bo‘yi ko‘chalarida joylashgan savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari kompleks tarzda o‘rganildi. Jarayonda hududlarning sanitariya holati, tashqi ko‘rinishi hamda obodonlashtirish darajasi atroflicha tahlil qilindi.
[gallery-28804]
O‘rganishlar davomida mavjud kamchiliklar aniqlanishi bilan birga, tadbirkorlar duch kelayotgan muammolar ham ochiq muhokama qilindi. Ularni bartaraf etish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda hududni yanada rivojlantirish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.
Jarayonda tashqi reklama vositalari – bannerlar, bilbordlar va peshlavhalarga ham alohida e’tibor qaratildi. Ularning amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqligi, estetik ko‘rinishi va yagona standartlarga mosligi sinchiklab o‘rganildi. Bu esa hududning zamonaviy va tartibli qiyofasini shakllantirishga xizmat qiladi.
O‘rganishlar jarayonida “Davlat tili to‘g‘risida”gi va “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlar talablariga zid ravishda o‘rnatilgan reklama vositalari aniqlanib, bartaraf etildi. Tadbirkorlarga davlat tili me’yorlariga qat’iy rioya etish va tashqi ko‘rinish madaniyatini oshirish yuzasidan tushuntirish berildi.
Tohir ISTATOV(surat),O‘zA