Iste’molchilarga 1 million 782,6 ming tonna mahalliy ko‘mir yetkazib berildi
“O‘zbekko‘mir” AJ taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, 2026-yil yanvar-mart oylarida jamiyat tomonidan iste’molchilarga 1 million 782,6 ming tonna mahalliy ko‘mir yetkazib berilgan. Bu boradagi reja 104,6 foizga bajarilgan. Xususan, issiqlik elektr stansiyalariga 1 million 86,1 ming tonna, byudjet tashkilotlariga 7,1 ming tonna, aholi ehtiyojlari uchun esa 131,1 ming tonna mahalliy ko‘mir yetkazilgan.
Shuningdek, birja savdolari hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar natijasida 557,7 ming tonna ko‘mir sotildi. Bu ko‘rsatkich rejaga nisbatan 169,6 foizni tashkil etdi. Ushbu maqsadda yanvar-mart oylari davomida 6 million 914 ming metr kub hajmida kon yuzasi ochildi. Jumladan, “Angren ko‘mir” konida 5,8 million metr kub, “Apartak” konida esa 1,1 million metr kub hajmda ishlar amalga oshirildi. Joriy yilning birinchi choragida jami 1 million 0,9 ming tonna ko‘mir qazib olindi. Bu boradagi asosiy hajm “Angren” koni hissasiga to‘g‘ri keldi.
– Jamiyat tomonidan 2024-yilda mycoal.uz portali ishga tushirilgan bo‘lib, u orqali ko‘mir qazib olishdan tortib, uni iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni onlayn kuzatish yo‘lga qo‘yilgan. Bu mahsulot harakatining to‘liq shaffofligini ta’minlash, hisob-kitoblarni aniq yuritish va inson omilini kamaytirishga xizmat qilmoqda. Ayni paytda transformatsiya jarayonlari izchil davom etyapti. Xususan, xalqaro konsalting kompaniyasi KPMG tomonidan xarid tizimi chuqur tahlil qilinib, uni to‘liq raqamlashtirish, ichki nazorat va komplayens tizimini kuchaytirish hamda shaffoflikni oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. Bu esa moliyaviy intizomni mustahkamlash va resurslardan samarali foydalanish imkonini beradi. Shu bilan birga, xarid jarayonlarini raqamlashtirish, ichki nazoratni kuchaytirish, ombor va zaxiralarni samarali boshqarish bo‘yicha islohotlar davom etmoqda,– dedi jamiyat axborot xizmati rahbari Ne’mat Dushayev.
Ta’kidlash kerakki, mazkur chora-tadbirlar ishlab chiqarish jarayonlarining uzluksizligini ta’minlash, resurslardan oqilona foydalanish va mahsulot realizatsiyasini yanada tizimli hamda samarali tashkil etishda muhim hisoblanadi.
N.Ziyodulayeva,
O‘zA