Yuksak ma’rifatli avlod – Uchinchi Renessans poydevori
Navoiy viloyatidagi alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarida “Yuksak ma’rifatli avlod – Uchinchi Renessans poydevori” shiori ostida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Bayram tadbirlarida Ijtimoiy himoya milliy agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi rahbariyati ishtirok etib, mamlakatimizda yoshlarni, jumladan, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning sifatli ta’lim olishi va jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun amalga oshirilayotgan islohotlar xususida alohida to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, joriy yilda Navoiy viloyatidagi maxsus maktab-internatlarni jami 47 nafar bitiruvchi tamomlamoqda. E’tiborli jihati shundaki, ularning 5 nafari muddatidan oldin oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. Bu esa yoshlarning bilim olishga bo‘lgan intilishi va yaratilgan imkoniyatlarning amaliy natijasidir.

– Bu yil maktabni tugatmoqdaman, juda hayajondaman, – deydi Navoiy shahridagi alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan “Nurli maskan” maktab-internati o‘quvchisi Humora Jo‘raqulova. – O‘tgan vaqt davomida tegishli milliy darajadagi sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan oldin talabalik baxtiga muyassar bo‘ldim. Barcha ustozlarimga minnatdorlik bildiraman. Kelgusida yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shaman, deb barchani ishontiraman va bu yo‘lda izlanish va bilim olishdan to‘xtamayman.

Tadbirlar davomida o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan she’rlar, qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari va badiiy chiqishlar yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi. Shuningdek, ta’lim-tarbiya jarayonida fidokorona mehnat qilib kelayotgan bir guruh pedagoglar hamda ota-onalarga minnatdorlik bildirildi.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri