Shaxmat taxtasida kechgan matonat va iroda sinovi
Jizzax shahrida O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i sovrini uchun nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida shaxmat musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Inson qadrini ulug‘lash, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish va imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizning jamiyatdagi faolligini oshirishga qaratilgan mazkur tadbir yuksak ruh va samimiy muhitda bo‘lib o‘tdi.
Davlat xavfsizlik xizmati Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi tashabbusi bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Yoshlar ishlari agentligi Jizzax viloyat boshqarmalari hamda viloyat sport boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan musobaqa ishtirokchilarning nafaqat aqliy salohiyati, balki matonati, irodasi va hayotga bo‘lgan qat’iy ishonchini ham namoyon etdi.

Shaxmat azaldan tafakkur charxi, sabr va mustahkam iroda sinovi sifatida qadrlanadi. Mazkur musobaqada ham har bir yurish ortida ishtirokchilarning intilishi, bilim va tajribasi, eng muhimi, hayotga faol munosabati yaqqol ko‘zga tashlandi. Bayramona ruhda tashkil etilgan bellashuv qatnashchilarga ko‘tarinki kayfiyat, tomoshabinlarga esa yorqin taassurot ulashdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari Dilmurod Xudayshukurov musobaqaning eng katta ahamiyati g‘alaba yoki natijada emas, balki ishtirokchilarning o‘z ustida ishlashi, jamiyat hayotida faol bo‘lishi va yangi imkoniyatlarni kashf etayotganida ekanini ta’kidladi.

Darhaqiqat, bu kabi musobaqalar insonni faqat sportga emas, hayotga ishonch bilan qarash, o‘z imkoniyatini yuzaga chiqarishga undaydi. Eng muhimi, bunday tashabbuslar mamlakatimizda inson qadri, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganining amaliy ifodasidir.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar tantanali ravishda taqdirlandi. Mutlaq g‘olibga Davlat xavfsizlik xizmati Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘ining kubogi topshirildi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri