Ish beruvchi tashkilot vakillari va talabalar uchrashuvi o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-apreldagi farmoni bilan tasdiqlangan “Yangi O‘zbekiston yoshlar – 2030” strategiyasida yoshlar bandligini ta’minlash, ularning mehnat bozoriga kirib kelishiga ko‘maklashish, 2025/2026 o‘quv yili bitiruvchilarini ish joylariga samarali taqsimlash maqsadida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari va “Karera kuni” tadbirlarini o‘tkazish vazifasi yuklatilgan.
Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida 2025/2026 o‘quv yili bitiruvchilari hamda ish beruvchi vazirliklar, idoralar, turli tashkilot, korxona va muassasalar o‘rtasida bevosita muloqotini ta’minlash maqsadida “Bitiruvchi yoshlar – Uchinchi Renessans poydevori” shiori ostida ish beruvchi tashkilot vakillari va talabalar uchrashuvi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish departamenti rahbari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov yoshlar – kelajagimiz poydevori ekani, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlatimiz siyosatining ustuvor maqsadi ekanini e’tirof etdi. Keyingi yillarda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida muqaddas islom dinini ilmiy nuqtai nazardan, fundamental tadqiq etish, ulug‘ allomalar ma’naviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shadigan yuksak salohiyatli mutaxassis-kadrlar tayyorlash jarayonida ham ko‘plab yangiliklar amalga oshirilganini ta’kidladi.
[gallery-29620]
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida talabalar hamda ish beruvchi tashkilotlar bilan “Karera kuni” uchrashuvining o‘tkazilishi muntazamlik kasb etgan.
Yakunlanayotgan o‘quv yili davomida Akademiya talabalarning ishlab chiqarish amaliyotlari va uzoq muddatli stajirovka jarayonlarini samarali tashkil etishda katta natijalarga erishdi. Hamkor tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan mahorat darslari va qo‘shma loyihalar yoshlarning amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishda katta yordam berdi.
Ayniqsa, Prezidentimizning 2026-yil 24-fevraldagi yoshlar bilan uchrashuvi doirasida belgilangan vazifalar hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining tegishli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida “Bitiruvchidan – professional kadr sari!” shiori ostida “Workshop” tadbirlari o‘tkazildi. Bu kabi tadbirlar yoshlar bandligini ta’minlash, ularning kasbiy salohiyatini oshirish hamda mehnat bozoriga samarali integratsiyasini kuchaytirish maqsadida tashkil etildi.
Joriy o‘quv yilida Akademiyani jami 673 nafar bitiruvchi yoshlar tamomlamoqda. Quvonarlisi, korxona va tashkilotlar bilan yo‘lga qo‘yilgan mustahkam aloqalar tufayli bitiruvchilarning 52 foizi o‘qishni tamomlamasdanoq o‘zining doimiy ish joyi va bandligiga ega bo‘lib ulgurdi. Bu oliy ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasining amaldagi yaqqol isbotidir.
Bitiruvchilarning 145 nafardan ortig‘i bugungi kunda IELTS, CEFR va boshqa turdagi nufuzli milliy hamda xalqaro til sertifikatlariga ega ekani ularning nafaqat mahalliy, balki xorijiy kompaniyalarda ham muvaffaqiyatli karera qurishiga keng yo‘l ochadi.
Bugungi “Karera kuni” oliy ta’lim tashkilotlari va ish beruvchilar o‘rtasidagi samarali muloqot maydoniga aylandi. U yoshlarimizning mehnat bozoriga muvaffaqiyatli integratsiyalashuviga, ularning o‘z imkoniyati hamda qiziqishlariga mos, munosib ish topishiga zamin yaratadi.
Tadbirda faollik ko‘rsatgan bir guruh ish beruvchi tashkilotlar vakillariga Akademiya tomonidan esdalik sovg‘alari hamda tashakkurnomalar topshirildi. Ish beruvchilarning bitiruvchilar bilan suhbat jarayonlari tashkil etildi. Shu kunning o‘zida talabalar bilan mehnat shartnomalari tuzildi.
N.Usmonova,
Otabek Mirsoatov (surat),
O‘zA muxbirlari