Yoshlarni tadbirkorlikka yo‘naltirish bo‘yicha imkoniyat va imtiyozlar kengaydi
«O‘zbekiston – 2030» strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, yoshlarni tadbirkorlikka yo‘naltirish bo‘yicha bir qancha imkoniyatlar yaratilmoqda.
Bu borada Biznes-ombudsman devoni axborot xizmati rahbari Guljamol Shukurova quyidagilarni ma’lum qildi:
Prezidentimizning 2021-yil 20-apreldagi «Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bandligiga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bilan yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish va ularni doimiy ish bilan ta’minlashning yangi tartiblari joriy etilgan. Hujjatda yoshlar uchun subsidiyalar olish imkoniyati, imtiyozli kreditlar, grant mablag‘lari, faoliyatni tashkil qilish bilan bog‘liq imtiyozlar hamda infratuzilma bilan bog‘liq imtiyozlar aniq ko‘rsatilgan.
Xususan, «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘zini o‘zi band qilishga zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun BHMning 40 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda «Yoshlar daftari» jamg‘armalari hisobidan subsidiya ajratilmoqda. Yosh tadbirkorlar bino va inshootlarni ijaraga olgan bo‘lsalar, bir yillik ijara xarajatlarining 30 foizi – biroq ko‘pi bilan BHM ning 25 barobari kompensatsiya qilinadi.

Jumladan, «Yoshlar daftariga» kiritilgan tadbirkorlarga quyidagi imtiyozlar yaratilgan.
Dehqon xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanishda urug‘liklar va ko‘chatlarni xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 8 baravarigacha subsidiyalar ajratiladi.
Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyaviy resurslarni taqdim etish bir yo‘la bir tadbirkorlik subyekti uchun 100 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda 7-yilgacha muddat bilan kreditlar ajratiladi.
Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasining qaroriga asosan moliyaviy resurslar tijorat banklari tomonidan bir yosh tadbirkorlik subyekti uchun bir yo‘la 100 ming AQSH dollaridan 500 ming AQSH dollarigacha miqdorda 7-yilgacha muddat bilan taqdim etiladi.
Qiymati 500 ming AQSH dollari ekvivalentigacha bo‘lgan investitsiya loyihalari Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Undan oshgan qismi qarorda nazarda tutilgan imtiyozlarsiz, tijorat banklari orqali umumiy tartibda taqdim etiladi.
Shuningdek, olingan moliyaviy resurslar bo‘yicha tijorat banki o‘z marjasi miqdorini yillik milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha 4 foiz, xorijiy valyutadagi kreditlar bo‘yicha 1 foizdan oshirmaydi.
Imtiyozli kreditlar yosh tadbirkorlarga barcha yo‘nalishdagi investitsion loyihalar uchun ajratiladi.
Grant mablag‘lar bo‘yicha yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida IT-ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish hamda eksportga yo‘naltirish bo‘yicha startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlov asosida bir yo‘la bir yosh tadbirkorlik subyekti uchun 1 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda grantlar ajratiladi.
Faoliyatni tashkil qilish bilan bog‘liq imtiyozlar esa quyidagicha. Xususan, yoshlarni kasbga o‘rgatish bilan bog‘liq, shuningdek, yosh tadbirkorlarga huquqiy, buxgalteriya, marketing, brending, bank, sug‘urta, mehnat va boshqa sohalarda amaliy ko‘mak ko‘rsatish uchun konsalting xizmatlari xarajatlarini qoplash belgilangan.
Xarajatlarni davlat byudjeti hisobidan qoplab berish uchun Yoshlar ishlari agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlardagi bo‘limlariga murojaat qilish mumkin.
Shuningdek, mamlakatimizda tashkil etilgan Yoshlar tadbirkorlik klasterlari yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va yuritish uchun ko‘maklashadi.
Klasterlar hududida joylashgan ishlab chiqarish maydonlari faqat O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga a’zo bo‘lgan yosh tadbirkorlargakorxona tashkil topguniga qadar, ammo 5-yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ijara haqining «nol» stavkasi bo‘yicha ijaraga beriladi.
Foydalanilmayotgan, shu jumladan, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hududida joylashgan davlat mulki O‘zbekiston yoshlar ittifoqi a’zosi bo‘lgan yosh tadbirkorlarga O‘zbekiston yoshlar ittifoqining shahar hamda tuman kengashlarining iltimosiga ko‘ra 5-yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ijara haqining «nol» stavkasi bo‘yicha ijaraga beriladi.
G‘ayratli va tashabbuskor yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yurtimizda «Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari» tashkil etilgan.
Sanoat zonalariga, asosan, yosh tadbirkorlarning innovatsion, import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni nazarda tutuvchi hamda patent asosida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni ta’minlovchi startap investitsiya loyihalari joylashtiriladi.
Yaratiladigan yangi ish o‘rinlarining kamida 70 foizi yoshlar uchun mo‘ljallangan, «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarni ish bilan ta’minlash nazarda tutilgan investitsiya loyihalari ustuvorlikka ega bo‘ladi.
Bu zonalarda yer maydonlari va bino-inshootlarni elektron onlayn-auksion orqali ijaraga olish mumkin bo‘lib, ijaraga berishda boshlang‘ich narxi bo‘yicha to‘lovlarni 12 oy muddatda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati mavjud.
Ushbu zonalarda yosh tadbirkorlarning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, to‘qimachilik, farmatsevtika, elektrotexnika sanoati, hunarmandchilik hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va boshqa yo‘nalishlarda faoliyat olib borishlari mumkin.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA