Yer uchastkasining ijara huquqidan garov sifatida foydalanish imkoniyati kengaytirilmoqda
Quyi palatadagi O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishida tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Loyihada ilk bor tadbirkorlikning asosiy prinsiplari, jumladan, tadbirkorlar tengligi, davlat organlari bilan munosabatlarda huquqlarining ustuvorligi hamda qonunchilikning barqarorligi kabi muhim kafolatlar belgilanmoqda.
Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarini kichik, o‘rta va yirik toifalarga ajratish, subsidiyalar, grantlar, imtiyozli kreditlar va soliq yengilliklari orqali davlat qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini qonun darajasida mustahkamlash nazarda tutilgan. Mulk daxlsizligini kuchaytirish va xususiylashtirish natijalarini asossiz qayta ko‘rib chiqishga chek qo‘yish ham loyihaning muhim yangiliklaridan hisoblanadi.

Yana bir muhim jihat — tadbirkorlar Majburiy talablar reyestriga kiritilmagan talablar uchun javobgarlikka tortilmaydi. Shu bilan birga, mas’uliyatli biznes yuritish va ijtimoiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy etilmoqda. Mazkur o‘zgarishlar mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash va xususiy sektor rivojini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, yig‘ilishda yer munosabatlarini yanada tartibga solish va yer resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, loyihada yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash holatlarining oldini olish, yer egalari va foydalanuvchilarning mas’uliyatini oshirish hamda yer huquqlarini himoya qilish bo‘yicha muhim normalar nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, loyihada qishloq xo‘jaligi yerlarini qayta ijaraga berish tartibini aniq belgilash, bo‘sh turgan yer uchastkalarini hisobga olish va yer uchastkalarini birlashtirish mexanizmlarini joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, yer uchastkasini ijara qilish huquqidan kredit, lizing, ipoteka va bank kafolatlari uchun garov sifatida foydalanish imkoniyatlari kengaytirilmoqda.
Muhtarama Komilova, O‘zA