NATOning “Sherik davlatlar kuni-2026” tadbirida O‘zbekiston salohiyati namoyish etildi
Belgiyaning Mons shahrida joylashgan NATOning Birlashgan qo‘shinlari Bosh qo‘mondonligi Amaliyotlar bo‘yicha qarorgohi (SHAPE)da “Sherik davlatlar kuni-2026” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
A’zo va sherik davlatlar vakillari ishtirok etgan mazkur anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘zaro hamkorlik va do‘stona munosabatni mustahkamlash, shuningdek ishtirokchi mamlakatlar madaniy merosi va sayyohlik imkoniyatini keng jamoatchilikka tanitishdan iborat edi.
2005-yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan tadbirda bu yil 20 dan ziyod davlat vakillari to‘plandi. NATO tuzilmalarida faoliyat yuritayotgan 300 nafarga yaqin harbiy xizmatchi, mutaxassis va ularning oila a’zolari mehmon bo‘ldi.

SHAPE boshlig‘i o‘rinbosari, Harbiy hamkorlik direktorati boshlig‘i admiral Yusuf Qoraguli bunday madaniy uchrashuvlar turli xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, ishonch va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, NATO ayni payt hamkorlik qilib kelayotgan 35 davlatdan 27 tasi SHAPEda ro‘yxatdan o‘tgan, 20 davlat qarorgoh hududida doimiy vakolatxonaga ega.
Anjuman doirasida tashkil etilgan, mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi, xalq hunarmandligi namunalari va milliy an’analari aks etgan ko‘rgazma – O‘zbekiston milliy paviloni mehmonlarda alohida qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, ishtirokchilarga O‘zbekistonning turizm salohiyati haqida ma’lumot beruvchi ma’lumotnomalar tarqatildi. Maxsus dastur asosida mehmonlarga o‘zbek milliy taomlari taqdim etildi.
Tadbir mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy imijini yanada yaxshilash, milliy madaniyat va turizm imkoniyatini keng targ‘ib qilishga qaratildi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA