Yer uchastkasi ijara shartnomasini uzaytirish tartibi tasdiqlandi
Yer munosabatlari sohasida davlat xizmatlarini yanada takomillashtirish, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida muhim huquqiy hujjat qabul qilindi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-maydagi 255-son qaroriga muvofiq, yer uchastkasining ijara shartnomasini yangi muddatga uzaytirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Yangi tartibga ko‘ra, mazkur davlat xizmati ijarachi yoki uning ishonchli vakili murojaati asosida ko‘rsatiladi. Fuqarolar va tadbirkorlar murojaatlarni Davlat xizmatlari markazlari orqali yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda yuborish imkoniyatiga ega.
Reglamentga muvofiq, xizmatdan foydalanish uchun faqat ikki turdagi hujjat talab etiladi. Bular — avval rasmiylashtirilgan yer uchastkasining ijara shartnomasi hamda murojaat vakil orqali amalga oshirilganda tegishli ishonchnoma.

Muhim jihatlardan biri shundaki, Davlat xizmatlari markazlari tomonidan mazkur ro‘yxatda nazarda tutilmagan boshqa hujjatlarni talab qilish qat’iyan taqiqlanadi. Bu esa aholi va tadbirkorlarni ortiqcha ovoragarchilikdan xalos etadi.
Shuningdek, davlat xizmatini ko‘rsatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1 foizi miqdorida yig‘im undirilishi belgilangan. Arizalarni ko‘rib chiqish tartibi, xizmat ko‘rsatish muddatlari hamda rad etish asoslari ham aniq belgilab qo‘yildi.
Mazkur tartibning joriy etilishi yer munosabatlari sohasida davlat xizmatlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda fuqarolar uchun xizmatlardan foydalanish jarayonini yanada yengillashtirishga xizmat qiladi.
Yangi reglament yer uchastkasi ijara munosabatlarini tartibga solish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va aholiga qulaylik yaratish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA