Navoiy davlat universiteti xalqaro reytingda yuqorilamoqda
Navoiy davlat universiteti nufuzli Times Higher Education Impact Rankings 2026 xalqaro reytingida 601-800 o‘rinlar oralig‘idan joy oldi.
Universitet o‘tgan yili 801-1000 o‘rinlar oralig‘ida edi.
Mazkur natija mamlakatimizda oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning, xususan, ta’lim sifatini xalqaro standartlar asosida tashkil etish, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, ta’lim muassasalarining akademik va moliyaviy mustaqilligini kengaytirish, shuningdek, barqaror rivojlanish maqsadlarini hayotga tatbiq etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar samarasidir.
Reytingning alohida yo‘nalishlari bo‘yicha ham Navoiy davlat universiteti yuqori natijalarga erishdi. Jumladan, “Sifatli ta’lim” maqsadi bo‘yicha 400-600 o‘rinlar, “Gender tengligi” bo‘yicha 200-300 o‘rinlar, “Barqaror va yashil energiya” yo‘nalishida 300-400 o‘rinlar hamda “Sog‘liq va farovonlik” maqsadi bo‘yicha 301-400 o‘rinlar oralig‘ida qayd etildi.
– Bu ko‘rsatkichlar universitetimizda ta’lim sifati, inklyuziv muhit, ekologik mas’uliyat va ijtimoiy farovonlikka qaratilgan ishlar tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilganini namoyon etadi, – deydi oliygoh rektori Muhiddin Kalonov. – Shubhasiz, mazkur yutuq universitet professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlari, talabalari va butun jamoasining fidokorona mehnati samarasi bo‘lib, mamlakatimizda oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning to‘g‘ri yo‘nalishda ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Navoiy davlat universitetining xalqaro reytinglardagi bu kabi muvaffaqiyatlari Yangi O‘zbekistonning ilm-fan va ta’lim sohasidagi nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Bugungi kunda universitetda zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish, xalqaro hamkorlik loyihalarini kengaytirish, talabalarning innovatsion g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Bu esa ta’lim muassasasining xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA