Ravon yo‘llar ko‘paymoqda
Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida “Taraqqiyot va yetakchilik maskani” dasturi doirasida tumandagi 10 ta hududda yo‘l infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan loyihalar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda aholi turmush sifatini yaxshilash, hududlarni kompleks rivojlantirish va tadbirkorlik uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Bu jarayonda yo‘l-transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Loyihalar doirasida jami 20 kilometrdan ortiq yo‘llarda qurilish va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Xususan, Qo‘rg‘oncha, Amir Temur, Uchtepa va Madaniyat” mahallalarini bog‘lovchi 2 kilometrlik yo‘l, Xo‘jaqo‘rg‘on, Miyonqol, Alisher Navoiy mahallalari orqali o‘tuvchi 2 kilometrlik yo‘l hamda Quchchi va Qoracha mahallalaridagi 2 kilometrlik yo‘l qismida infratuzilmani yaxshilash ishlari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Changir, Nayman, Saroy, Zarbdor, Xonaqa, Chag‘atoy, Uyshun, Qo‘shchinor hamda Uchqora mahallalaridagi qishloqlarni o‘zaro bog‘lovchi yo‘llar ham ta’mirlanmoqda.
Navbahor tumanidan Zarafshon mahallasi orqali o‘tuvchi 3,5 kilometrlik yo‘lning ta’mirlanayotgani esa hududlararo aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Albatta, yo‘l infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan loyihalar amalga oshirilayotgan hududlarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini tashkil etish uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi. Tekis va ravon yo‘llar mahsulot va xizmatlarning bozorga tez va arzon yetkazilishini ta’minlab, iqtisodiy rivojlanishga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA