Xovosobodliklar rejani ortig‘i bilan bajardi
Xovos tumanida pilla mavsumi qizg‘in pallaga kirgan kunlarda Xovosobod mahallasi ahli quvonchli natijaga erishdi. Mahalla pillakorlari joriy yil uchun belgilangan rejani 112,5 foizga bajarib, tumanda va viloyatda birinchi bo‘lib marraga yetganlar safidan joy oldi.
Bu natija ortida, avvalo, yurtdoshlarimizning zahmatkashligi, sabr-toqati va mehnatga bo‘lgan sadoqati mujassam. Zero, pillachilik tashqi tomondan qaraganda oddiy yumushdek ko‘rinsa-da, ipak qurtini parvarishlashga katta mas’uliyat va uzluksiz e’tibor zarur. Ayniqsa, pilla qurtlarini belgilangan haroratda saqlash, o‘z vaqtida oziqlantirish, tozalikka qat’iy amal qilish kabi ishlar tun-u kun mehnatni talab qiladi. Shu bois xalqimiz azaldan pillani “kumush tola” deya e’zozlab keladi. Chunki uning har bir tolasida inson mehnati, rizq va xonadonlar farovonligi mujassam.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil Xovos tumanida aholiga jami 1 ming 383 quti ipak qurti tarqatilgan bo‘lib, ular 571 nafar pillakor xonadon tomonidan parvarish qilinmoqda. Belgilangan rejaga asosan, tuman pillakorlari davlatga 83 tonnadan ziyod qimmatbaho pilla yetkazib berishni maqsad qilgan.

Quvonarlisi, bugungi kunda ayrim mahallalarda rejalar muddatidan oldin bajarilmoqda. Ana shunday faol hududlardan biri bo‘lgan Xovosobod mahallasida pillachilikka oilaviy mehnat sifatida yondashilgani, tajribali pillakorlar maslahatlari hamda uyushqoqlik yuqori natijalarga zamin yaratdi.

Mahalla pillakorlari ta’kidlashicha, bu yil mavsum davomida ipak qurtlarini parvarishlash uchun barcha sharoitlar yaratildi. Ayniqsa, pilla qurtini o‘z vaqtida ozuqa bilan ta’minlash, mutaxassislar tomonidan amaliy ko‘mak berilishi muhim ahamiyat kasb etdi.

Bugun pillachilik qishloq aholisi uchun nafaqat daromad manbai, balki bandlikni ta’minlash, xonadonlar farovonligini mustahkamlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xovosobod mahallasi pillakorlarining bu yutug‘i esa yurtda mehnat qilayotgan inson qadri va zahmati e’zozlanayotganining yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri