17 nafar o‘quvchi talabalikka qabul qilindi
Sirdaryo viloyatida iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan tizimli ishlar o‘z samarasini bermoqda. Ana shu ishlarning uzviy davomi sifatida bu yil umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan 17 nafar o‘quvchi oliy ta’lim muassasalariga muddatidan avval talabalikka qabul qilindi.
Bu haqda viloyat Yoshlar markazida Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Xolboyeva bilan umumta’lim maktabi o‘quvchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ochiq va samimiy muloqot davomida ma’lum qilindi.
– Davlatimiz rahbarining tegishli qaror va farmoyishlari ijrosini ta’minlash maqsadida kimyo, biologiya va fizika fanlari bo‘yicha 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida fan olimpiadasi tashkil etildi. Mazkur bellashuvlar tuman, shahar va viloyat bosqichlarida o‘tkazilib, unda jami 739 nafar o‘quvchi o‘z bilim va salohiyatini sinovdan o‘tkazdi, – dedi boshqarma boshlig‘i.
Uch bosqichli saralash natijalariga ko‘ra, har bir fan yo‘nalishi bo‘yicha eng yuqori natija ko‘rsatgan 60 nafar o‘quvchi Guliston davlat universiteti hamda Guliston davlat pedagogika instituti kesimida oliy ta’lim bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Yakuniy natijalar esa yanada quvonarli bo‘ldi
17 nafar iqtidorli o‘quvchi mazkur oliy ta’lim muassasalariga rasman talabalikka qabul qilindi.
[gallery-29509]
Bu holat fan olimpiadalari nafaqat bilimni sinash, balki iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni oliy ta’limga yo‘naltirishda muhim bosqich ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Shuningdek, tadbir doirasida “Mexatronika va robototexnika” hamda “Yashil energetika va elektr qurilmalari” yo‘nalishlarida o‘tkazilgan tanlovlarda yoshlar o‘z bilimlari bilan birga innovatsion g‘oya va loyihalarini ham namoyish etishdi.
Tadbir yakunida esa Nargiza Xolboyeva g‘olib o‘quvchilar hamda hakamlar hay’ati a’zolariga diplom, pul mukofotlari hamda esdalik sovg‘alarini topshirdi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA muxbiri