Inson salomatligi uchun xavfli bo‘lgan oshxona idishlari savdodan chiqarildi
Sirdaryo viloyatida savdo shoxobchalarida aholi salomatligi uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan oshxona idishlari aniqlandi. Nazorat xaridlari asosida o‘tkazilgan tekshiruvlarda Xitoyda ishlab chiqarilgan “MELAMINE WARE” savdo belgisi ostidagi mahsulotlar belgilangan standart talablariga javob bermasligi ma’lum bo‘ldi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Sirdaryo viloyati bo‘limi mutaxassislari tomonidan savdo shoxobchalarida sotilayotgan, Xitoyda ishlab chiqarilgan “MELAMINE WARE” savdo belgisi ostidagi oshxona idishlari nazorat xaridi asosida tekshirildi.

Laboratoriya sinovlari natijasida mazkur mahsulot “Plastmassadan tayyorlangan maishiy va xo‘jalik buyumlari” standarti talablariga mos kelmasligi, xususan, formaldegid miqdori belgilangan me’yordan yuqori ekani aniqlandi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, melamin idishlari ayniqsa issiq ovqat solinganda, kislotali mahsulotlar bilan ishlatilganda yoki idish yuzasi shikastlanganda zararli moddalar ajratishi mumkin.
Bunday holat inson organizmida formaldegid to‘planishiga sabab bo‘lib, allergik reaksiyalar, zaharlanish hamda ichki organlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoli mavjud.

Mazkur holat O‘zbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi qonuni talablariga zid ekani qayd etildi.
Aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf etish maqsadida “G.R” MCHJ savdo do‘koniga Xitoyda ishlab chiqarilgan “MELAMINE WARE” savdo belgisi ostidagi oshxona idishlarini savdodan chiqarish bo‘yicha taqdimnoma kiritildi.
Hamroz Bayonov, O‘zA